Bank tizimi: barqaror o'sish sur'atlari saqlandi

21.04.2010

Respublika Markaziy bankida bank tizimining 2010 yilning I choragidagi faoliyati yakunlari, mamlakatimiz Prezidenti I.A.Karimovning Vazirlar Mahkamasining shu yil 29 yanvarda o'tkazilgan yig'ilishidagi dasturiy ma'ruzalarida hamda hukumatning 2009 yil 16 apreldagi majlisida jahon iqtisodiy inqiroziga qarshi choralar dasturini amalga oshirishni jadallashtirish borasida bank tizimi oldiga qo'yilgan dolzarb vazifalar ijrosiga bag'ishlangan kengaytirilgan Boshqaruv majlisi bo'lib o'tdi.

Majlisni Respublika Markaziy banki raisi F.Mullajonov boshqardi.

Qayd etildiki, 2010 yilning 1-choragida respublika Markaziy banki tomonidan amalga oshirilgan qat'iy pul-kredit siyosati makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash va inflyatsiyani pasaytirishga qaratildi.

Ayni paytda iqtisodiyotda inflyatsion kutilmalarning oldini olish maqsadida Markaziy bankning qayta moliyalash stavkasi o'zgartirilmasdan yillik hisobda 14 foiz darajasida ushlab turildi.

Ushbu chora-tadbirlar iste'mol mahsulotlari narxlariga monetar omillarning ta'sirini bartaraf etdi va shu yo'l bilan inflyatsiyaning belgilangan ko'rsatkichlar doirasida bo'lishiga erishildi.

Majlisda iqtisodiyotni diversifikatsiya qilish bo'yicha chuqur o'ylangan siyosatni ro'yobga chiqarish, pul-kredit tizimini rivojlantirishni rag'batlantirish natijasida jahon inqirozining milliy iqtisodiyotga, xususan bank tizimiga ta'siri sezilmagani ta'kidlandi. Bank tizimining xorijiy moliyalashtirish manbalariga qaram emasligi uning global inqiroz paytida ham barqaror o'sish sur'atlarini saqlab qolishiga sharoit yaratdi.

Hisobot davrida banklar faoliyatini yanada takomillashtirish, aholi va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarining bo'sh pul mablag'larini depozitlarga jalb qilishni rag'batlantirish, kapitallashuv darajasini oshirish, investitsiya jarayonlaridagi ishtirokini yanada kengaytirishga alohida e'tibor qaratildi.

Bu borada ko'rilgan chora-tadbirlar natijasida tijorat banklarining jami kapitali o'tgan yilning shu davriga nisbatan 46,4 foiz ortib, 3,3 trln. so'mdan oshib ketdi.

Bank aktivlari 2009 yilning shu davriga nisbatan 33,3 foiz o'sib, qariyb 17,2 trln. so'mga etdi.

Tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotning real sektoridagi muhim strategik loyihalarni moliyalashtirish izchil davom ettirildi. Bugungi kunda banklarning bazaviy tarmoqlarga yo'naltirgan kredit resurslari miqdori 9,5 trln. so'mdan oshib ketdi.

Joriy yilning I-choragida Inqirozga qarshi kurashish va uning oqibatlarini bartaraf etish bo'yicha qabul qilingan choralarning amalga oshirilishi, xususan iqtisodiyotning etakchi tarmoqlarini modernizatsiya qilish, texnik va texnologik yangilash, eksport qiluvchi korxonalarni qo'llab-quvvatlash, transport va infratuzilma kommunikatsiyalarining qudratli zamonaviy tarmog'ini rivojlantirish, ularning barqaror ishlashini ta'minlash doimiy e'tiborda bo'ldi. Mazkur yo'nalishdagi strategik investitsion loyihalarni moliyalashtirish uchun tijorat banklari tomonidan ajratilgan kreditlar miqdori o'tgan yilning shu davriga nisbatan 1,5 marta oshib, 737,2 mlrd. so'mdan ortdi.

Hisobot davrida banklar tomonidan mehnat bozori va aholi daromadini oshirish asosi bo'lgan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qo'llab-quvvatlashga alohida e'tibor berildi. Mazkur sohaga ajratilgan kreditlar miqdori 2009 yilning shu davriga nisbatan 1,4 marta oshib, 625,1 mlrd.so'mga etdi.

Aholi va xo'jalik sub'ektlarining bo'sh pul mablag'larini tijorat banklaridagi depozitlarga jalb qilishni rag'batlantirish choralarining ko'rilayotgani, qulay omonatlar turlarining taklif etilayotgani aholining, ularning banklardagi jamg'armalari qonun bilan kafolatlangani va ularning o'z vaqtida qaytarilayotgani omonatlar miqdorining o'tgan yilning shu davriga nisbatan 69,1 foiz ortib, hozirgi kunda 3,4 trln. so'mdan oshishiga sharoit yaratdi.

Majlisda tijorat banklari rahbarlarining e'tibori mamlakatimiz Prezidentining «Bank tizimining moliyaviy barqarorligini yanada oshirish va uning investitsion faolligini kuchaytirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarorida belgilangan vazifalarning so'zsiz bajarilishini ta'minlashga qaratildi. Banklarning ustav kapitalini ko'paytirish, aktsiyalarini chiqarish va fond bozorlarida joylashtirish orqali ularning kapitalashuv darajasini oshirish, bank xizmatlarining yangi turlarini joriy etish, aholi va xo'jalik yurituvchi sub'ektlarning bo'sh pul mablag'larini uzoq muddatli depozitlarga jalb etish orqali o'z resurs bazasini mustahkamlash, ichki manbalar hisobiga iqtisodiyotdagi uzoq muddatli kredit qo'yilmalari ulushini yanada oshirish, banklarning investitsion faolligini kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni kredit resurslari bilan qo'llab-quvvatlashga loqayd qaraydigan bank xodimlariga nisbatan keskin choralar ko'rilishi to'g'risida qattiq ogohlantirildi.

Majlisda muhokama etilgan barcha masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.

Похожие новости
“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

09.09.2019

“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

14.02.2011

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати

11.02.2011

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати



Система Orphus