Qulay, foydali, ishonchli

24.11.2009

Yurtimizda aholiga plastik kartochkalardan naqd pul mablag‘larining berilishini yanada yaxshilash maqsadida bankomatlar soni tobora ko‘paytirilmoqda. Savdo maydoni 150 kvadrat metrdan ortiq savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini terminallar bilan ta’minlash ishlari izchil davom etmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki va Davlat soliq qo‘mitasi hamkorligida ishlab chiqilgan tegishli nizomda bank plastik kartochkalari orqali to‘lovlar amalga oshirilganda tovarlar (ishlar va xizmatlar) narxlari asossiz ravishda oshirilishiga yo‘l qo‘ymaslik qat’iy ta’kidlangan.

Joriy yilning 6 avgustidan kuchga kirgan ushbu me’yoriy hujjatga binoan to‘lov terminallari avia va temir yo‘l chiptalari sotiladigan kassalar, aholidan to‘lov qabul qilish punktlarida majburiy tartibda o‘rnatilishi, uy-joy, kommunal xizmatlari ko‘rsatadigan korxonalarda tashkil etilishi lozim. Shuningdek, telefon xizmatlari uchun to‘lov qabul qiladigan punktlar, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari, savdo maydoni 150 kvadrat metrdan ortiq muqim savdo do‘konlari, restoranlar, mehmonxonalar, aloqa bo‘limlari va boshqalar terminallar bilan ta’minlanishi darkor.

Ma’lumotlarga ko‘ra, respublikamiz bo‘yicha 42 mingdan ziyod savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi obyektida terminallar o‘rnatilgan. Bu raqam kun sayin o‘smoqda. 2010 yilning 1 yanvarigacha ularning soni 60 mingga yetishi ko‘zda tutilgan.

Aholiga qulaylik yaratish maqsadida amalga oshirilayotgan bunday chora-tadbirlar natijasida to‘lovlar uchun hisob-kitoblarni plastik kartochkalar orqali amalga oshirish tizimi va undan foydalanish ko‘lami tobora kengaymoqda.

Prezidentimiz Islom Karimovning 2006 yil 3 avgustda qabul qilingan “Plastik kartochkalar asosida naqd pulsiz hisob-kitob tizimini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va shu yil 6 apreldagi “Tijorat banklari depozitlariga aholi va xo‘jalik subyektlari bo‘sh pul mablag‘larini jalb etishni yanada rag‘batlantirish qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari bu borada muhim dasturilamal bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda naqd pulsiz hisob-kitob qilish tizimini yanada rivojlantirish va takomillashtirish borasida amalga oshirilayotgan bunday keng ko‘lamli islohotlar o‘z samaralarini bermoqda. Buni davlat tijorat “Xalq banki” misolida ham ko‘rish mumkin.

– Joriy yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, bankimiz tomonidan muomalaga chiqarilgan plastik kartochkalar qariyb 290 mingga yetdi, – deydi mazkur bankning plastik kartochkalar boshqarmasi boshlig‘i Bahodir Po‘latov. – Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan plastik kartochkalar soni ikki barobar ko‘paydi, deganidir. “Xalq banki” terminallarining asosiy qismi savdo va maishiy xizmat hamda umumiy ovqatlanish obyektlariga o‘rnatilgan.

Yurtimizda “elektron hamyon” orqali to‘lovlarni amalga oshirish yildan-yilga rivojlanib borayotgani savdo va xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini terminnallar bilan ta’minlashni yanada jadallashtirishni taqozo etmoqda. Buni hisobga olgan “Xalq banki” jamoasi terminallarni ko‘paytirish choralarini ko‘rmoqda. Bank tomonidan qo‘shimcha ravishda olingan 2500 donaga yaqin terminal ayni kunlarda savdo va xizmat ko‘rsatish nuqtalariga o‘rnatilmoqda.

Joriy yilning o‘tgan davrida mazkur moliya muassasasi tomonidan xarid qilingan infokioska hamda bankomatlar joylardagi bank bo‘limlariga yetkazildi. Infokioska – plastik kartochkaga o‘tkazilgan mablag‘larni kartochkaga yuklash, “elektron hamyon” orqali amalga oshirilgan oxirgi 20 operatsiya bo‘yicha ma’lumot olish va kommunal to‘lovlarni to‘lash imkonini beradi.

Yaratilayotgan bunday qulayliklar natijasida yurtimizda bank plastik kartochkalaridan foydalanish izchil oshmoqda. Shu yilning 1 noyabr holatiga ko‘ra, “Xalq banki” elektron to‘lov vositalari orqali amalga oshirilgan mablag‘lar aylanmalari 2008 yilning shu davridagiga nisbatan 7,5 barobar ko‘paydi.

Xolmurod Salimov

 

Похожие новости
“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

09.09.2019

“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

14.02.2011

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати

11.02.2011

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати



Система Orphus