O'zbekistonda kredit axboroti almashinuvi tizimi mavzuida media-trening bo'lib o'tdi

02.12.2009

Respublika Markaziy banki va Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (XMK) birgalikda ommaviy axborot vositalari xodimlari uchun «O'zbekistonda moliyaviy infrastrukturani mustahkamlash» mavzuida media-trening o'tkazdi.

Ma'lumki, mamlakatimizda kredit axboroti almashinuvi tizimining shakllanishiga Vazirlar Mahkamasining 2004 yil 23 apreldagi «Qarz oluvchilarning kredit tarixi to'g'risidagi axborotni hisobga olish tizimini shakllantirish chora-tadbirlari to'g'risida»gi qarori sharoit yaratdi. Mazkur qaror asosida kredit axborotini hisobga olishning ikki pog'onali tizimi - Markaziy bankda Kredit axboroti milliy instituti va O'zbekiston banklari assotsiatsiyasida Banklararo kredit byurosi tashkil etildi.

Kredit axboroti almashinuvi tizimini tashkil qilishdan ko'zlangan maqsad banklarni kredit oluvchilar to'g'risidagi axborot bilan ta'minlash, bank tizimida kredit riskini kamaytirish va kredit intizomini mustahkamlashga erishish, shuningdek, tadbirkorlik sub'ektlarining moliyaviy obro'sini oshirishga sharoit yaratishdir.

Markaziy bankda tijorat banklari va ularning qarzdorlarining kredit operatsiyalari, majburiyatlari, ta'minot turlari to'g'risidagi axborotlar bazasi va kredit axborotining yagona reestri shakllantirildi.

Kredit axboroti milliy instituti direktori N.Xolmurodovning so'zlariga qaraganda, hozirgi paytda kredit axborotining yagona reestrida banklardan kredit olgan 626 mingdan ortiq qarzdorning 981 mingdan ortiq kredit shartnomalari to'g'risidagi ma'lumotlar saqlanmoqda. Mijozlar kredit olish uchun bankka murojaat qilganda banklar ularning kredit qarzi bor-yo'qligi, ilgari olgan kreditlarini qanday qaytarganliklari to'g'risida kredit axborotining yagona reestridan ma'lumot so'raydilar. Javobni esa banklar reestrdan real vaqt rejimida, ya'ni o'sha zahoti oladilar. Ta'kidlash lozimki, potentsial qarzdor to'g'risida reestrdan olingan ma'lumotlar kredit buyurtmasi bo'yicha kredit berish yoki bermaslik uchun asos bo'lib xizmat qilmaydi. Chunki banklar qonunchilikka asosan bank operatsiyalarini amalga oshirishga doir qarorlar qabul qilishda mustaqildirlar.

Kredit axboroti almashinuvi natijasida korxonalarning kredit tarixi vujudga keladi. Kredit tarixi, ilgari olgan kredit va bergan kafilligi bo'yicha majburiyatini qanday bajarganligi to'g'risidagi ma'lumotlardan tashkil topadi. Korxona ilgari kreditni muammosiz qaytargan bo'lsa ijobiy, bordiyu, muammoli qaytargan bo'lsa salbiy kredit tarixiga ega bo'ladi. Ijobiy kredit axboroti bo'lgan korxonaga kreditni rasmiylashtirish jarayoni tezlashishi, kredit ta'minoti summasi kamayishi, boshqalarga nisbatan imtiyozli foiz stavkasida kredit berilishi mumkin, Kredit reytingiga ega korxona zarur vaqtda kredit olishi, kreditorlar oldidagi qarzini o'z vaqtida to'lashi, imtiyozli foizlar hisobiga foizli xarajatlarini ancha iqtisod qilish imkoniyatiga ega bo'ladi. 

Salbiy kredit axboroti bo'lgan yoki umuman bo'lmagan korxonaga bank kredit bermasligi yoki buyurtmani ko'rib chiqish jarayoni cho'zilishi, kredit summasiga nisbatan ancha katta ta'minot talab qilishi, yuqori foiz stavkasi belgilashi mumkin. Oqibatda korxonaning zarur vaqtda kredit olishi qiyinlashadi, foizli xarajatlari oshadi, moliyaviy holati yomonlashadi.

Shuningdek, qarzdor va uning kredit operatsiyalari to'g'risidagi axborotning sir saqlanishiga katta e'tibor qaratildi va bu jarayon Markaziy bankning shifrlangan elektron kanallari orqali amalga oshiriladi.

Banklararo kredit byurosi Bosh direktori M.Salomov jurnalistlarga hozirgi paytda byuroda 416 mingdan ziyod tadbirkorlik sub'ektlarining statistik ma'lumotlari, 626 mingga yaqin kredit, lizing va faktoring shartnomalari bo'yicha ma'lumotlar saqlanayotganini ma'lum qildi. Uning so'zlariga ko'ra, axborot almashinuvi jarayonida 14 ta tijorat banki va ularning 500 dan ziyod filiallari faol ishtirok etmoqda. Ayni paytda kredit axboroti almashinuvi tizimga boshqa banklarning ham qo'shilishi bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

XMKning Markaziy Osiyo va Ozarbayjonda moliyaviy infrastrukturani rivojlantirish loyihasi koordinatori A.Nasibov media-trening qatnashchilariga kredit axborotini almashishning ahamiyati va afzalliklari xususida so'zlab berdi.

Hozirgi paytda O'zbekiston Respublikasining "Kredit byurolari faoliyati va kredit axborotini ayirboshlash to'g'risida”gi Qonunining loyihasi ko'rib chiqilmoqda.

 

Источник: Markaziy banki

 

Похожие новости
“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

09.09.2019

“Ўзсаноатқурилишбанк”нинг махсус бўлими очилди

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

14.02.2011

Muvaffaqiyatli mikromoliyalash kaliti: yanada yaxshi natijalarga erishish uchun boshqarish san`ati

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати

11.02.2011

Муваффақиятли микромолиялаш калити: янада яхши натижаларга эришиш учун бошқариш санъати



Система Orphus