Agrobank - “100 kitob to‘plami” taqdimotini o‘tkazdi
Joriy yilning 28 aprel kuni poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Toshkent” mehmonxonasida Agrobank tashabbusi bilan chop etilgan “100 kitob to‘plami” taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Mazkur taqdimotda “Agrobank” ATB mas’ul xodimlari, loyiha mualliflari, olimlar hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etishdi.
Ta’kidlash o‘rinliki, Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida, kambag‘allikni qisqartirish va aholi daromadlarini ko‘paytirishda eng tez natija beradigan omil bu – qishloq xo‘jaligida hosildorlik va samaradorlikni keskin oshirishdir.
Darhaqiqat, jahon miqyosida aholining oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashda agrar sohaning o‘rni va ahamiyati hamda global bozorlaridagi maydonchalarda asosiy oziq-ovqat mahsulotlari uchun xomashyo hisoblangan bug‘doy, soya, makkajo‘xori narxlari oshib bormoqda.
Dunyo bozorlarida yuzaga kelayotgan bu kabi holatlar mavjud resurs va imkoniyatlardan oqilona foydalanib, hosildorlik va manfaatdorlikni yanada oshirish, sohaga ilm-fan yutuqlari hamda zamonaviy yondashuvlarni joriy etish dolzarblik kasb etmoqda.
“Agrobank” ATB Respublikamiz qishloq xo‘jaligi sohasining rivojlanishiga hissa qo‘shish uchun nafaqat moliyaviy, balki ijtimoiy loyihalar bilan ham agrar sohaga sarmoya kiritish e’tibor molikdir.
Xususan, bank tashabbusi bilan qishloq xo‘jaligida zamonaviy bilimlarni tadbiq etish, sohada fermerlar, tadbirkorlar, dehqon xo‘jaliklari va aholi uchun sodda, tushunarli bo‘lgan metodologik qo‘llanmalarni tayyorlash loyihasi amalga oshirildi.
Ushbu loyihani boshlashda Turkiya Respublikasida qishloq xo‘jaligining turli yo‘nalishlari bo‘yicha tayyorlangan o‘quv to‘plamlari o‘rganib chiqildi.
Bu kabi qo‘llanmalar shu kungacha O‘zbekistonda alohida to‘plam shaklida tayyorlanmagan. Mahalliy olimlar tomonidan tayyorlangan kitoblar cheklangan nashrda chop etilgan, keng foydalanuvchilar qo‘liga yetib bormasdan asosan ilmiy mutaxassislar va talabalar tomonidan o‘rganilgan.
Respublikamizdagi olimlar va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtiruvchilariga har tomonlama qulay bo‘lgan va O‘zbekiston iqlimiga mos 100 ta kitobdan iborat to‘plam yaratish loyihasi ustida ish olib borildi. Bu loyihani amalga oshirishda Agrobank qoshida ilmiy guruh tashkil etildi va 120 nafardan ortiq soha mutaxassislari, olim va o‘qituvchilar jalb etildi.
Dastlabki, bosqichda Toshkent davlat Sharqshunoslik instituti bilan hamkorlikda, Turkiyadan olib kelingan qo‘llanmalarni 20 nafar tarjimonlar ishtirokida o‘zbek tiliga tarjima qilindi.
Keyingi bosqichda 7 ta ilmiy muassasalarning 41 nafar professor, o‘qituvchilar, ilmiy xodimlari jalb qilindi va mahalliy olimlarining ilmiy salohiyati asosida yurtimiz iqlimi va tabiatiga mos qo‘llanmalar tayyorlandi.
So‘ngra tayyorlangan qo‘llanmalar 52 nafar soha mutaxassislari tomonidan ilmiy hamda 4 nafar muharrirlar guruhi tomonidan taqrizdan o‘tkazilib, dizaynerlar tomonidan yakuniy chop etish holatiga keltirildi.
To‘plamda qishloq xo‘jaligi sohasi, jumladan, meva-sabzavot va poliz ekinlari, g‘allachilik, don va dukkakli ekinlar, chorvachilik, baliqchilik, asalarichilik kabi tarmoqlarning eng ilg‘or tajribalariga oid keng qamrovli ilmiy va amaliy ma’lumotlar jamlandi.
Bu to‘plamda, mahsulotlarni yetishtirshdan tashqari, kasalliklarga qarshi kurashish, mineral va mahalliy o‘g‘itlar turlari, qishloq xo‘jaligi texnikalari to‘g‘risida ham ma’lumotlar berilgan.
Ushbu kitoblarni tayyorlash va chop etish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar Agrobank tomonidan moliyalashtirildi.
Mazkur to‘plamlar bosqichma-bosqich chop etilib, respublikamizning barcha hududlaridagi fermerlar, tadbirkorlar va dehqon xo‘jaliklariga yetkaziladi.
Shuningdek, keng foydalanuvchilar ommasini qamrab olish maqsadida kitoblarning elektron nusxasi bankning agrobank.uz internet sayti, maxsus telegram boti orqali foydalanish imkoniyati yaratildi.
Bugungi taqdimotda, Agrobank tomonidan amalga oshirilayotgan yana bir katta loyiha tug‘risida axborot berdi.
Xususan, bank tomonidan hozirda Toshkent davlat agrar universitetining Toshkent, Nukus, Samarqand, Termiz shaharlaridagi filiallari, Andijon qishloq xo‘jaligi va agrotexnologiyalar instituti bilan hamkorlikda fermerlar maktabini joriy etish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda.
Mazkur fermerlar maktabiga har yili 1000 nafar fermer va dehqon xo‘jaliklari rahbarlari, tomorqa yer egalari va tadbirkorlar jalb qilinib, agrar o‘quv yurtlari o‘qituvchilari, soha mutaxassislari hamda tadbirkorlar tomonidan o‘qitilib, o‘qitish bilan bog‘liq bo‘lgan barcha xarajatlar Agrobank tomonidan amalga oshiriladi.
“Agrobank” ATB bu kabi loyihalarni doimiy tarzda amaliyotga tadbiq etish, sohaga zamonaviy bilimlarni olib kirish orqali aholi va mijozlarga, fermer va tadbirkorlarga doimiy ko‘makchi bo‘lib boradi.
“Agrobank” ATB Matbuot xizmati
Agrobank - “100 kitob to‘plami” taqdimotini o‘tkazdi