Joriy yilning 1 may kuni Prezidentimiz tomonidan qabul qilingan “Aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4701-sonli qarori aholini uy-joy bilan ta’minlashda ularga qator yengilliklar yaratish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Mazkur hujjat pandemiya davrida aholining uy-joy sharoitlarini yaxshilash, ipoteka krediti bozorini, shuningdek, xususiy pudrat tashkilotlarining uy-joy qurish faoliyatini yanada rag‘batlantirishni ko‘zda tutadi.
Jismoniy shaxslar uchun ipoteka krediti bo‘yicha yengilliklar
Aholiga ajratiladigan ipoteka kreditlari muddati (shu jumladan, bugungi kunga qadar ajratilgan ipoteka kreditlari) 15 yildan 20 yilga uzaytirildi.
Ipoteka kreditlari muddatining uzayishi, asosiy va unga hisoblangan oylik foiz to‘lovlarining kamayishiga, bu esa o‘z navbatida, aholining oylik daromadlarini qolgan qismini boshqa zaruriy kundalik ehtiyoj va jamg‘armalar uchun yo‘naltirishiga xizmat qiladi.
Qarorga muvofiq, mamlakatimizda aholi eng zich joylashgan hududlar Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy yil 1 dekabrga qadar tajriba tariqasida jismoniy shaxslarga ajratilgan yer uchastkalarida uy-joylarni qurish va qayta qurish uchun ipoteka kreditlari ajratiladi. Bu esa aholi o‘zlari uchun maqbul bo‘lgan joylarda uy-joy qurish va qayta qurishiga moliyaviy tomondan sharoit yaratishda muhim qulaylik hisoblanadi.
Shaharlarda va Toshkent shahrida ipoteka kreditlari bo‘yicha dastlabki badalning bir qismini to‘lash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida subsidiyalar to‘lanadi.
Shu bilan birga, qarorga asosan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar kengashi va hududiy hokimliklar tomonidan 2020-2021 yillar davomida mahalliy budjet daromadlarining oshirib bajarilgan qismi hisobidan mazkur hududda subsidiyalar sonini 1,3 baravarga yoki summasini 40 foizgacha oshirishga ruxsat berilmoqda.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdiki, so‘nggi yillarda ipoteka bozorida tayyor holda topshirish shartisiz qurilgan kvartiralarga bo‘lgan talabning ortib borishi tendensiyasi kuzatilmoqda. Shundan kelib chiqib, endilikda pardoz ishlari amalga oshirilmasdan qurilgan uy-joylarga Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratilgan resurslari hisobidan ipoteka krediti berilishi joriy etildi. Bu aholining uy-joylarni o‘ziga qulay dizayn asosida pardozlashiga sharoit yaratadi.
Bundan tashqari, Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmonida keltirilganidek, Markaziy bankning asosiy stavkasi (qayta moliyalashtirish stavkasi) pasaytirilgan taqdirda, Moliya vazirligi tomonidan ajratilgan mablag‘lar va tijorat banklarining ipoteka kreditlari bo‘yicha foizlar mutanosib ravishda kamayadi, oshirilgan taqdirda esa o‘zgarishsiz qoladi.
Xususiy pudrat tashkilotlari uchun qanday qulaylik va imtiyozlar ko‘zda tutilgan?
2019 yil 28 noyabrdagi PF-5886-conli Farmon hamda 2020 yil 1 maydagi PQ-4701-sonli Qaror asosida Moliya vazirligi tomonidan kelgusida ipoteka kreditlari uchun tijorat banklari belgilangan tartibda resurs mablag‘larining ajratilishi nafaqat xususiy pudrat tashkilotlari taklif etayotgan uy-joylar sotilishini rag‘batlantiribgina qolmay, balki tijorat banklarining qisqa va uzoq muddatli resurs mablag‘lari o‘rtasidagi muddatli nomutanosiblik, ya’ni transformatsiya riski kamayishiga, ularning moliyaviy barqarorligi oshishiga olib keladi.
2020 yil 1 maydan 31 dekabrga qadar Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan xususiy pudrat tashkilotlariga shahar va qishloq joylarida 4 va undan yuqori qavatli hamda Toshkent shahrida 7 va undan yuqori qavatli uy-joylar qurish uchun tijorat banklari tomonidan milliy valyutada ajratilgan kreditlarning 50 foizigacha, biroq 8 mlrd. so‘mdan oshmagan miqdorda kafillik berilishi tartibi joriy etilmoqda.
Shuningdek, joriy yil 31 dekabrga qadar xususiy pudrat tashkilotlariga Markaziy bank asosiy foiz stavkasining 1,75 baravaridan yoki summasi 20 mlrd. so‘mdan ortiq bo‘lmagan miqdordagi milliy valyutada ajratilgan kreditlar foizining asosiy stavkadan oshgan, lekin 10 foizlik banddan ko‘p bo‘lmagan qismini qoplash uchun Tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi tomonidan kompensatsiya to‘lanadi.
Bu ham o‘z navbatida, pandemiya davrida moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan xususiy pudrat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlashdagi muhim o‘zgarishlardan biridir.
Manba:www.cbu.uz
Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash maqsadida ipoteka krediti bozori yanada kengaytiriladi