2018 yilning davlatimiz rahbari tomonidan Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili deb e’lon qilinishi O‘zbekiston innovatsion rivojlanish yo‘liga dadil qadam qo‘yayotganligini anglatadi. Darhaqiqat, innovatsiya yo‘q joyda, taraqqiyot, yuksalish bo‘lmaydi.
Jahon miqyosida innovatsion va informatsion texnologiyalarning jadal sur’atlardagi o‘sish jarayoni respublikamiz tijorat banklari faoliyatida ham innovatsion g‘oyalarni ishlab chiqish, zamonaviy texnologiyalarni amaliyotga joriy etishni taqozo etmoqda. Bu borada 2017 yilning 12 avgustdagi “Respublika bank tizimini yanada rivojlantirish va barqarorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qarori muhim dasturiy hujjat bo‘lmoqda. Qarorda tijorat banklarini ilg‘or bank amaliyoti asosida faoliyat yuritadigan tizimga aylantirish, ularning resurs bazasini mustahkamlash, xizmat turlarini kengaytirish, aholining bank sohasiga ishonchini, bank xizmatlari jozibadorligini va ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish bo‘yicha ustuvor vazifalar belgilangan.
Mazkur vazifalar ijrosini ta’minlash doirasida ATB “Qishloqqurilishbank” tomonidan aholining bank filiallaridagi pul jamg‘armalari harakati bilan bog‘liq amaliyotlarni omonatchi tomonidan bankka bevosita murojaat qilmagan holda omonat amaliyotlarini masofadan bajarishni ko‘zda tutuvchi amaliy takliflar ishlab chiqilib, zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda.
Xususan:
- jismoniy shaxslarning omonatga joylashtirilgan mablag‘laridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, omonatchilarni ortiqcha vaqti (bank filialiga kelib-ketish bo‘yicha) va samarasiz xarajatlariga barham berish, mablag‘ egasi tomonidan omonat mablag‘larini onlayn tarzida kuzatib borish va nazorat qilish imkoniyatini yaratish maqsadida bank tizimida foydalanib kelinayotgan “QQB-Mobile” mobil dasturini yanada takomillashtirish hisobiga omonatlar bilan bog‘liq amaliyotlarini ushbu dastur orqali bajarilishi loyihalashtirilmoqda. Kelgusida ushbu dastur orqali jismoniy shaxslar (omonatchilar) bank filialiga bevosita murojaat qilmagan holda mavjud omonat bilan bog‘liq amaliyotlarni masofadan bajarishi va omonatlar harakatini to‘g‘ridan-to‘g‘ri boshqarishi mumkin bo‘ladi;
- omonatchilar o‘z jamg‘armalaridan 54 tadan ortiq to‘lovlar (kommunal to‘lovlar, kreditlar, foiz to‘lovlari va boshqalar) ga masofadan amaliyotlar bajarishi bo‘yicha dastur ishlab chiqilmoqda va bu xizmat 2018 yil davomida joriy qilinadi;
- kelgusida “QQB-Mobile” mobil dasturidan foydalanish imkoniyati bo‘lmagan (Android platformali telefon moslamasi mavjud bo‘lmagan) jismoniy shaxslarga ham bank filiallarining infokiosklari yoki bankomatlari orqali ularning ATB “Qishloq qurilish bank”dagi pul jamg‘armalari bo‘yicha mavjud amaliyotlarni bajarishi mumkin bo‘ladi. 2018 yilda mazkur loyiha doirasida bank filiallarida mavjud bankomatlar orqali omonatchilarga omonatdagi mablag‘larini naqd pulda berish imkoniyatlarini yaratish ham ko‘zda tutilmoqda.
ATB “Qishloqqurilishbank” tomonidan yagona umumrespublika protsessing markazi va “Fido-Biznes” korxonasi bilan hamkorlikda amaliyotga joriy etilishi rejalashtirilayotgan bu kabi zamonaviy xizmatlar pirovardida aholining tijorat banklariga bo‘lgan ishonchini yanada oshirish, tijorat banklari omonatlariga bo‘sh pul mablag‘larini joylashtirishni rag‘batlantirishga hamda banklarda barqaror depozit bazasi shakllanishiga xizmat qiladi.
Tijorat banklarining resurslari tarkibining barqaror depozitlar (omonatlar)dan tashkil topishi esa banklarning likvidligini ta’minlabgina qolmasdan, ularning investitsiya jarayonidagi ishtirokini yanada faollashtiradi. Bu esa xududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan qo‘shimcha yangi loyihalarning hayotga tatbiq etilishi, korxonalar ishlab chiqarish quvvatlarining, aholi daromadlarining yanada oshishi va minglab yangi ish o‘rinlarining yaratilishi demakdir.
“Qishloqqurilishbank” – farovon hayotingiz xizmatida!
Qo‘shimcha ma’lumot uchun:
(+99871) 150-39-93, 150-76-47, www.qqb.uz
Bank axborot xizmati
Asosiy maqsad – omonatchilar ishonchi