8.01.2015
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan “Sog‘lom bola yili” Davlat dasturi ijrosi bo‘yicha bank tizimida amalga oshirilgan ishlarga bag‘ishlangan matbuot anjumani o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki departamenti direktori A.Qosimov va boshqalar mamlakatimiz bank-moliya muassasalari tomonidan xotin-qizlarning uy-ro‘zg‘or yumushlarini yengillatish, yoshlar, ayniqsa, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb etish, oilaviy biznesni rivojlantirish, yosh oilalarning uy-joy sharoitini yaxshilashga ko‘maklashish orqali oilalar turmush darajasi va farovonligini oshirish borasida keng ko‘lamli ishlar bajarilganini ta’kidladi.
“Sog‘lom bola yili” Davlat dasturida belgilangan vazifalar doirasida 2014-yil davomida 4 trillion 509,2 milliard so‘m va 302,9 million dollar miqdorida mablag‘lar o‘zlashtirilishi, shundan bank kreditlari 1 trillion 810,6 milliard so‘mni tashkil etishi ko‘zda tutilgan edi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining biznes loyihalarini imtiyozli shartlar asosida moliyalashtirishga 200,9 milliard so‘m yoki Davlat dasturida ko‘zda tutilgan prognozga nisbatan 1,7 barobar ko‘p sarmoya ajratildi. Xotin-qizlar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash uchun qariyb 1 trillion so‘m miqdorida kreditlar yo‘naltirildi. Ishlab chiqarishni tashkil etish maqsadida sarflangan ushbu mablag‘lar ko‘plab yoshlarning biznes loyihalarini rivojlantirish, oilaviy farovonligini ta’minlashga xizmat qilish bilan bir qatorda 250 mingdan ziyod yangi ish o‘rni yaratishda qo‘l keldi.
Dastur doirasida xotin-qizlarning turmush sharoitini yaxshilash borasida ham salmoqli ishlar amalga oshirildi. Xususan, banklar tomonidan ayollarning ijtimoiy-maishiy sharoitlarini yaxshilash va uy-ro‘zg‘or buyumlari sotib olish uchun 57,3 milliard so‘m miqdorida iste’mol kreditlari ajratildi.
Shu bilan birga, qator tanlovlar o‘tkazilib, g‘oliblarga imtiyozli sarmoyalar ajratildi. “2014-yilning eng yaxshi tadbirkor ayoli” tanlovida ellikka yaqin ijtimoiy ahamiyatga molik loyiha egalariga qimmatbaho sovg‘alar va 3,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar olish huquqini beruvchi sertifikatlar topshirildi. “Qoraqalpog‘istonlik ayollarning iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirish” loyihasi doirasida yuzdan ortiq kam ta’minlangan oila ayollarining iqtisodiy bilimini oshirish va biznes-reja tayyorlash borasida o‘quvlar tashkil etildi.
Qishloq aholisini zamonaviy uy-joylar bilan ta’minlash, ularning maishiy turmush darajasini oshirish ham doimiy e’tiborda. Shu maqsadda namunaviy loyihalar asosida zamonaviy turar joylar, har bir viloyatda yosh oilalar uchun “Kamolot” uylari qurilib, foydalanishga topshirilmoqda. Minglab yosh oilalar banklarning imtiyozli ipoteka kreditidan foydalanib, uy-joy xarid qilish, qurish va ta’mirlashga muvaffaq bo‘ldi.
Tadbirda Keksalarni e’zozlash yilida ishbilarmonlik muhitini yanada yaxshilash, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyaviy qo‘llab-quvvatlash borasida tuzilayotgan rejalar yuzasidan ma’lumotlar berildi. Jurnalistlar o‘zlarini qiziqtirgan barcha savollarga batafsil javob oldi.
uza.uz
MKBank
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5-maydagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish toʼgʼrisida”gi PF-3750-sonli Farmoni asosida tashkil etildi.Bank xalqaro moliyaviy institutlar hamda chet el tijorat banklari bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatgan.
BANK KREDITLARI – FAROVON TURMUSHGA