O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida»gi PQ-1438-sonli Qarorida 2011-2015 yillarda aholi va xo'jalik sub'ektlarining tijorat banklaridagi depozitlari hajmini 2,5 martaga oshirish kuzda tutilgan.
Mazkur vazifaning talablaridan kelib chiqib, O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O'zbekiston banklari assotsiatsiyasi, O'zbekiston Xotin-qizlar qumitasi, Moliya sohasini rivojlantirish agentligi tomonidan Germaniyaning xalqaro hamkorlik bo'yicha jamg'arma kassalari fondi (Jamg'arma kassalari fondi) bilan birgalikda joriy yilning 30 oktyabr kuni O'zbekiston banklari assotsiatsiyasida «Moliyaviy bilimlarini oshirish – banklarda aholi jamg'armalarini mobilizatsiyalash omili» mavzusida seminar tashkil etildi.
Moliyaviy bilimni oshirish rejalashtirish, jamg'arma, qarzdorlik, moliyaviy xizmatlardan samarali foydalanishga nisbatan aholining iqtisodiy bilimlarini sezilarli darajada oshirishga imkon yaratadi. Bu esa o'z navbatida, aholiga o'z daromadlarini himoyalashga yordam beradi hamda ularning ko'payishiga ko'mak beradi.
Seminarda Germaniya jamg'arma kassalari moliyaviy guruhining hamda Jamg'arma kassalari fondining rahbarlari ishtirok etdilar.
Seminarda xorijiy hamkorlar qatorida mahalliy tashkilotlar vakillari, jumladan, tijorat banklari, “Xalq sug'urta” sug'urta kompaniyasi, Xotin-qizlar qumitasi, Savdo-sanoat palatasi va “Mahalla” jamg'armasi vakillari ham qatnashdilar.
Seminarlarda respublikamizga tashrif buyurgan Germaniya jamg'arma kassalari moliyaviy guruhining rahbarlari ma'ruza qildilar.
Germaniyalik ekspertlar barqaror iqtisodiy o'sish sur'atini ta'minlashda muhim bo'lgan investitsiyalarning ichki manbai hisoblanadigan jamg'armalarning iqtisodiyotda tutgan o'rnining mohiyatini ochib berishdi. Bunda bank-moliya tizimida jamg'arma ishlarini tashkil etishda alohida e'tibor berilishi lozim bo'lgan va pul mablag'larini jamg'arishga ko'maklashadigan omillarga asosiy urg'u berildi.
Xususan, bank-moliya tizimida jamg'arma ishlarini tashkil etishda bir qator omillarga, foiz stavkasi, omonatlarni himoyalash kafolati, omonatchilar huquqi, aholining moliyaviy bilimlari, inflyatsiya hamda bank konsul'tatsiya va xizmatlarining sifati kabi omillarga alohida e'tibor qaratildi.
Shu bilan birga, seminar qatnashchilari oila byudjetini samarali tashkil etishning asosiy jihatlari va Germaniya moliya tashkilotlari tomonidan aholining yosh jihatidan turli guruhlariga mo'ljallangan moliya xizmatlari bilan ham tanishtirildi.
Xalqaro ekspertlar respublikamizda tijorat banklari tomonidan aholi omonatlarini jalb etish bo'yicha amaldagi qonunchilik bazasini, ayniqsa banklarga nisbatan ishonchning oshishiga xizmat qiladigan aholi omonatlarining 100-foizlik himoyalash kafolatini, ular bo'yicha sirning saqlanishi hamda omonatlar bo'yicha olingan daromadlarning soliqdan ozod etilganligini ham ta'kidlab o'tishdi.
Seminar ishtirokchilari Germaniya ekspertlari bilan jamg'arma faoliyatiga tegishli ularni qiziqtirgan masalalar bo'yicha fikr almashishdi. Jamg'arma ishlarini samarali tashkil etish, moliya tashkilotlari mutaxassislarining yangi va zamonaviy jamg'arma turlarini ishlab chiqishdagi professional bilimlarini oshirish, jamg'armaning kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni moliyalashtirishda tutgan beqiyos o'rnini aholiga etkazish borasidagi keng qamrovli masalalar tahlil qilindi.
Manba: cbu.uz
Banklarda aholi jamg'armalarini oshirish omillari