Dubayga arzon sayohat qilish mumkinmi? Batafsil

“Call-center” — Xalq bankining “tashrif qog‘ozi”ga aylanadi

27.10.2020

 

 

Ilg‘or tajriba nima uchun muhim? Albatta, yuqori natija uchun! Bank tizimida ham xuddi shunday: dunyo tajribasi va xalqaro amaliyotni o‘rganib ish tutgan moliya muassasasi yutqizmaydi, aksincha muvaffaqiyatga erishadi.

Qarang, rivojlangan mamlakatlarda bank xizmatlari va mahsulotlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismi aynan “Call-center”lar orqali sotilar ekan. Demak, bu mexanizmni amaliyotga tatbiq etish orqali banklar o‘z daromadini yana teng yarmigacha oshirsa bo‘ladi. Hammasi harakat va izlanishga bog‘liq.

Xalq banki yaqin istiqbolda ana shunday yutuqqa erishishi mumkin. Chunki endi uning o‘z zamonaviy “Call-center”i bor!

Bu yangi loyiha ro‘yobiga Prezidentimizning 2018-yil 23-martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Qarori asos bo‘ldi. Shu tariqa joriy yilning 1-may kuni Jizzax viloyati markazida butunlay yangi formatdagi “Call-center” test rejimida ishga tushirildi. 

Xo‘sh, natija qanday bo‘ldi? Tajriba o‘zini oqladimi?

Albatta, sinovlar kutilgan samarani berdi. Bu yerda qisqa muddatda 53 ming 215 ta murojaat qabul qilindi...

Bugun ana shu markaz tantanali ravishda foydalanishga topshirildi. Marosimda Xalq banki Boshqaruvi va Jizzax viloyatidagi filliallar mutasaddilari, tadbirkorlar hamda jurnalistlar ishtirok etdi.

Bu loyihani “xo‘jako‘rsin”ga amalga oshirganimiz yo‘q, — dedi tadbirda so‘zga chiqqan Xalq banki Boshqaruvi Raisi Farhod Salamov. — Hammasi katta umid va puxta hisob-kitob bilan bajarildi. Tizimni ishga tushirish uchun xorijiy tajribani ipidan-ignasigacha o‘rganib chiqdik. Natijada “ASSECO Central Asia” kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ydik. Qisqa muddatda eng zamonaviy texnologiyalar olib kelib o‘rnatildi. Eng malakali kadrlarni ishga jalb qildik. Ularni qo‘shimcha o‘qitdik, kasbga qayta tayyorladik va tajribasini oshirdik.  Maqsadimiz ushbu “Call-center”ni bankimizning yuzi, imijiga, boshqacha aytganda “tashrif qog‘ozi”ga aylantiramiz. Chunki bu yerda bank xodimlari telefon orqali bizning eng qadrli va aziz kishilarimiz — mijozlar bilan ishlashadi. Ularning murojaatlarini qabul qilishadi. Shunchaki qabul qilishmaydi, balki mijozlarga sifatli va tezkor xizmat ko‘rsatishadi. Kelgusida messenjer, videoaloqa va ijtimoiy tarmoqlar orqali ham murojaatlarni qabul qilish tizimini yo‘lga qo‘yamiz.

“Call-center” mutasaddilarining qayd etishlaricha, hozir markazda soat 9:00 dan 18:00 ga qadar murojaatlar qabul qilinmoqda. Har bir murojaatni markaz mutaxassisi o‘zi o‘rganib, javob beradi, bank xodimiga ulab berilmaydi. Zarur bo‘lsa, filial yoki respublika xodimiga qo‘ng‘iroq qilib, masalaga oydinlik kiritadi. Qo‘ng‘iroq qilib navbatga tushgan va ulanolmagan mijozlarga markaz operatorlarining o‘zlari qayta qo‘ng‘iroq qilishadi.

Keyingi bosqichda tunu kun — 24/7/365 rejimida ishlaydigan ushbu markazda mijoz to‘g‘risidagi ma’lumotlar yig‘ilib, ularning ehtiyojlarini aniqlash orqali avtomatlashtirilgan marketing va prognozlashtirilgan sotuvlar amalga oshiriladi hamda mijozlarga yangi bank xizmat turlari taklif etib boriladi.

—  “ASSECO Groop” — axborot texnologiyalari sohasida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri,  — deydi “ASSECO Central Asia” Bosh direktori Eva Nemethova. Mana, Xalq banki bilan bir yildan beri hamkorlik aloqalariga kirishganmiz. Buning natijasi sifatida Jizzaxda “Call center” platformasi joriy qilindi. Ushbu yangi tizim bank xizmatlari ommaboplgini oshirish barobarida, mijozlarga ko‘plab qulayliklar yaratadi. Shu ma’noda, ushbu ezgu tashabbusni faqat qo‘llab-quvvatlayman.

Hozirgi kunda “Call-center”da mijozlarga quyidagi xizmat turlari ko‘rsatilmoqda:

1. Yo‘qotilgan plastik kartani bloklash yoki blokdan chiqarish.

2. Plastik karta balansini va o‘tkazmalar tarixini bilish.

3. HUMO plastik kartasi egalariga SMS xabarnoma xizmatini yoqish.

4. Jismoniy shaxslar kreditlari to‘lovi uchun ID raqamlarini bilib berish va chakana kredit mahsulotlariga ariza qabul qilish.

5. Mobil banking xizmatlari — hisobraqam qo‘shish va olish, blokka qo‘yish va blokdan chiqarish, mobil telefon o‘zgarganda yangi telefonda ilovani aktiv holatga keltirish.

6. Internet banking xizmatlari — hisobraqam qo‘shish va olish, blokka qo‘yish va blokdan chiqarish.

7. Yuridik shaxs mijozlarga SMS banking xizmatida kerakli hisobraqamlarni qo‘shish va olish, telefon raqam qo‘shish va olish xizmatlari.

8. Yuridik mijozlarning Kartoteka qarzdorliklari haqida ma’lumot berish.

9. Mijoz to‘lovlari o‘tgan yoki o‘tmaganligini aniqlashtirish.

10. Mijozlar omonatlari bo‘yicha ma’lumot olish.

11. Kredit, omonat, pensiya va bank sohasiga oid boshqa masalalarda murojaat qoldirishlari va maslahat olishlari mumkin.

Yangi “Call-center” ishga tushgandan boshlab qabul qilingan murojaatlarning asosiy qismi SMS-xabarnoma xizmatini ulash va pensiya va kredit masalalariga oiddir. Shuningdek,  mijozlar bank mahsulotlari va xizmatlariga oid savollar bilan ham ko‘plab murojaat qilishgan. 

“Call-center”ga kelib tushgan barcha murojaatlarga operatorlar tomonidan ijobiy yechim topish choralari ko‘rilmoqda. Kun davomida hal etilmagan murojaatlar bankning ichki nazorat va hududiy filiallar faoliyatini muvofiqlashtirish kompleksi bilan birgalikda ijobiy hal etiladi.

Ochilish marosimi yakunida Xalq banki Boshqaruvi Raisi F.Salamov  “Call-center” operatorlari bilan muloqot qilib, ularning fikr-mulohazalari va takliflariga quloq tutdi hamda ushbu yangi markazning ahamiyati, istiqboldagi faoliyatidan kutilayotgan natijalar haqida so‘zlab berdi.

 

 Bank Axborot xizmati.

Xalq Banki Xalq banki – O‘zbekistonning  birinchi banki bo'lib, moliya bozorida 1875-yil 10-maydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bankning 300 ga yaqin xizmat ko'rsatish shoxobchalari, 3000 dan ortiq bankomatlari mavjud bo'lib, ular geografik qamrovi bo'yicha mamlakat moliya bozorida yetakchi hisoblanadi. Moliya muassasasi O'zbekiston bo'ylab 10 millionga yaqin bank xizmatlari iste'molchilariga xizmat ko'rsatadi.
Manba: Xalq banki
O'xshash yangiliklar
Bank.uz asoschilari JET media-loyihasini ishga tushirdilar
Bank.uz asoschilari JET media-loyihasini ishga tushirdilar

Uzum Bank qo‘llab-quvvatlash xizmatining yangilangan Telegram-chatini ishga tushirdi
Uzum Bank qo‘llab-quvvatlash xizmatining yangilangan Telegram-chatini ishga tushirdi

Kapitalbank xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston HRD hamjamiyatining yig‘ilishini tashkil etdi
Kapitalbank xalqaro ekspertlar ishtirokida O‘zbekiston HRD hamjamiyatining yig‘ilishini tashkil etdi



Orphus tizimi