Toshkent moliya institutida O'zbekiston Respublikasi Markaziy banki va O'zbekiston banklari Assotsiatsiyasi bilan hamkorlikda “Bank tizimida elektron to'lovlar va interaktiv xizmatlarni rivojlantirishning dolzarb masalalari” mavzusida davra suhbati o'tkazildi. Tadbirda tegishli vazirlik va idoralar, tijorat banklari vakillari, professor-o'qituvchilar, ilmiy-tadqiqotchilar hamda talabalar ishtirok etishdi.
Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi “2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish va yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi Qarori, shuningdek, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2013 yil 27 iyundagi “2013-2020 yillarda O'zbekiston Respublikasi Milliy axborot-kommunikatsiya tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qarorida belgilab berilgan asosiy vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida tashkil etildi.
Davra suhbati davomida tijorat banklarining elektron to'lovlari va interaktiv xizmatlarini yanada takomillashtirish, xo'jalik sub'ektlari va aholiga ko'rsatilayotgan bank xizmatlari sifati va qulayligini oshirish, plastik kartochkalari orqali amalga oshirilayotgan elektron to'lovlar hamda masofaviy xizmat ko'rsatish tizimlarini yanada rivojlantirishning istiqbolli yo'nalishlari muhokama qilindi. Shuningdek, interaktiv davlat xizmatlarining yagona portalida jismoniy va yuridik shaxslarga ko'rsatilayotgan interaktiv bank xizmatlarini ko'rsatishni kengaytirish masalalari ko'rib chiqildi.
Bugungi kunda respublikaning barcha tijorat banklarining internet tarmog'ida korporativ veb-saytlari muvaffaqiyatli faoliyat ko'rsatib, jismoniy va yuridik shaxslarga ko'rsatilayotgan bank xizmatlari va ularning shartlari haqida batafsil ma'lumot taqdim etilmoqda. O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 16 noyabrdagi “2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish, uning barqarorligini oshirish va yuqori halqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi PQ-1438 sonli qaroriga binoan yuridik va jismoniy shaxslarga internet-banking, mobil-banking va SMS-banking kabi masofadan bank xizmatlari ko'rsatishning innovatsion tizimlari faol rivojlanmoqda.
O'tkazilgan davra suhbati natijasida bank tizimida elektron to'lovlarni yanada rivojlantirish va interaktiv xizmatlarni keng joriy etishning ustuvor yo'nalishlari, bank plastik kartochkalaridan foydalanish va bank mijozlariga masofaviy xizmat ko'rsatish tizimlari ko'lamini yanada kengaytirish bo'yicha tegishli tavsiyalar ishlab chiqildi.
Elektron to‘lovlar va interaktiv xizmatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi