JET: Qaysi banklar eng yuqori foizli valyuta omonatlarni taklif qilmoqda? Batafsil

«Fitch Rating’s»: tashqi ko'maksiz o'sish ta'minlanmoqda

05.07.2013

Markaziy bank «Fitch Rating‘s» xalqaro reyting agentligi bilan hamkorlikda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida»gi qarorining ijrosi doirasida xalqaro amaliy konferensiya tashkil etdi.

Tadbirda mamlakatimiz bank tizimi va boshqa moliya institutlarining mas’ul xodimlari qatnashdi.

Konferensiyada O‘zbekiston bank tizimining barqaror rivojlanish masalalari jahon moliya-iqtisodiyotida yuzaga kelgan vaziyat kontekstida muhokama qilindi.

Agentlik ekspertlari mamlakatimiz bank tizimining ko‘rsatkichlari, xususan, kredit portfeli sifatini tahlil qildilar va bank tizimi tashqi leverijsiz, ya’ni chetdan moliyaviy yordamsiz, o‘z faoliyatini o‘z kapitali va ichki manbalar evaziga moliyalashtirish orqali barqaror o‘sishda davom etayotganini ta’kidladilar.

Shu bilan birga, xorijiy ekspertlar tomonidan so‘nggi besh yilda yalpi ichki mahsulotning 8 foizdan oshiq bo‘lishi ta’minlanayotgani, eksport tushumlarining o‘sib borishi, davlatning real sektorni rivojlantirish dasturi, davlat moliyasining kuchliligi, ya’ni davlat qarzlarining kamligi, fiskal profitsitga erishilayotgani, rezervlarning sezilarli darajada oshib borishi, jahon bank-moliya tizimida davom etayotgan stagnatsiya sharoitida O‘zbekiston o‘z tashqi savdo yo‘nalishlarini diversifaksiya qila olganini makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ijobiy ta’sir qiluvchi omillar sifatida e’tirof etdilar.

Kreditlashning o‘sishi iqtisodi barqaror rivojlanayotgan mamlakatlarga xos me’yorga ega bo‘ldi. Bank tizimi kredit portfelining 79 foizi real sektor tarmoqlariga to‘g‘ri keladi. Xususiy banklar kapitalining oshishi barobarida ijtimoiy sohaga yo‘naltirilgan kreditlar ulushi ham ortib borishi kuzatilmoqda.

Tijorat banklarining resurs bazasi asosan mijozlarning bo‘sh pul mablag‘larini bank depozitlariga jalb qilish hisobiga o‘sib bormoqda. Bank tizimining tashqi kreditorlar oldidagi majburiyatlari jami resurslar bazasining 10 foizidan ham oshmaydi. Tashqi qarzlar asosan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan loyihalarni imtiyozli tarzda uzoq muddatga moliyalashtirishga taqdim etilmoqda. Jismoniy shaxslarning depozitlari barqaror o‘sish sur’atiga ega. Bank tizimining kredit portfeli sifati iqtisodi rivojlanayotgan mamlakatlarga xosdir.

Xorijiy ekspertlar fikricha, bank infrastrukturasining izchil yaxshilanib borishi banklarning muvaffaqiyatli faoliyat yuritishiga ijobiy ta’sir etmoqda. O‘tgan yili “Kredit axboroti almashinuvi to‘g‘risida”gi qonun davlat organlari va kredit byurolari o‘rtasida kredit axboroti almashinuvini qonunchilik asosida tashkil etishga, kreditdan foydalanuvchilar to‘g‘risidagi ma’lumotlar bazasining kengayib borishiga, “Garov reestri to‘g‘risida”gi qonun esa kredit ta’minotiga qo‘yilgan mulk haqidagi axborotlarni markazlashtirishga sharoit yaratadi.

Bank tizimida olib borilayotgan islohotlar, innovatsion texnologiyalarning keng joriy etilishi samarasi o‘laroq O‘zbekistonda naqd pulsiz operatsiyalar hajmi ortib bormoqda.

Qayd etish lozimki, bugungi kunda respublikamizning 28 ta tijorat banki nufuzli xalqaro reyting kompaniyalarining “barqaror” reyting bahosiga ega bo‘lib, ularning 8 tasi «Fitch Rating‘s» tomonidan baholangan. Ushbu baholar banklar faoliyat ko‘rsatayotgan iqtisodiy va operatsion muhitning, majburiyatlarini o‘z vaqtida bajarish, aksiyadorlar tarkibi va zarur hollarda bankning aksiyadorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlanishi, menejmenti va rivojlanish strategiyasi, mijozlar bazasi, aktivlarni lozim darajada diversifikatsiya qila olish va likvidlikni ta’minlash darajasi, risklarni boshqarish, moliyaviy barqarorligi, korporativ boshqaruv tizimi yaxshiligini tasdiqlaydi.

Ochiq muloqot va munozara tarzida o‘tgan xalqaro konferensiyada moliya-bank tizimi barqarorligini oshirish va islohotlarni yanada chuqurlashtirish, banklar, umuman moliya-bank sohasini baholash tizimi va yondashuvlar, banklar faoliyatini tashkil etishda umumqabul qilingan mezonlar borasida fikr almashindi.

Manba:cbu.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlariga aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquq beriladi

17.04.2025

Aksiyadorlik jamiyatlari xodimlariga aksiyalarni sotib olish uchun imtiyozli huquq beriladi

Octobank yana bir bor O‘zbekistonda raqamli to‘lov yechimlari sohasida yetakchi deb topildi.

10.04.2025

Octobank yana bir bor O‘zbekistonda raqamli to‘lov yechimlari sohasida yetakchi deb topildi.

Kelajakka g'amxo'rlik bilan: Octobank ESG-loyihalari bilan Toshkent mahallalarida

07.04.2025

Kelajakka g'amxo'rlik bilan: Octobank ESG-loyihalari bilan Toshkent mahallalarida



Orphus tizimi