4.03.2021
2021 yil 23 fevraldagi 25-sonida chop etilgan Murod Xudoyberganovning “XODIM ISHGА TIKLАNDI, АMMO...” sarlavhali maqola yuzasidan quyidagilarni maʼlum qilamiz.
Jumladan, maqolada “Mikrokreditbank” АTB rahbariyati sudning hal qiluv qarori ijrosini taʼminlashni paysalga solganligi, oqibatida Sh. Sobirov 2020 yil 15 oktyabrda Prezident virtual qabulxonasiga murojaat qilishga majbur boʼlganligi, shundan soʼng 17 oktyabrda Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosi Chilonzor tuman boʼlimi “Mikrokreditbank” АTBga nisbatan ijro ishi qoʼzgʼatganligi, 2020 yil 28 oktyabrda АTB boshqaruvi raisi O. Butaev qabul qilgan buyruqda Sh. Sobirovni 10 iyuldan amaliyot boʼlimi boshligʼi lavozimiga qayta tiklash belgilanganligi, buyruqda, shuningdek, boʼlim boshligʼi lavozimida vaqtinchalik faoliyat koʼrsatib kelgan shaxsni bosh mutaxassis lavozimiga qayta oʼtkazish belgilanganligi, biroq amaliyot boʼlimini boshqarish huquqi bosh mutaxassisda qoldirilib, unga berilgan ishonchnomani qayta koʼrib chiqish koʼrsatilganligi qayd etilgan.
Vaholanki, sudning hal qiluv qarori 2020 yil 7 oktyabrь kuni qabul qilingan boʼlib, uning xulosa qismida ushbu qaror ustidan qabul qilingan kundan eʼtiboran 20 kun ichida shu sud orqali fuqarolik ishlari boʼyicha Toshkent shahar sudiga apellyatsiya tartibida shikoyat qilish huquqi borligi tushuntirilgan.
Bank sud tomonidan berilgan ushbu huquqdan foydalangan holda 20 kunlik muddat ichida apellyatsiya shikoyati bilan fuqarolik ishlari boʼyicha Toshkent shahar sudiga murojaat qilish bilan birga Sh. Sabirovni ham shu muddat ichida ishga tiklash haqida buyruq chiqargan boʼlsada, mazkur maqola muallifi “bank rahbariyati sudning hal qiluv qarori ijrosini taʼminlashni paysalga solish” kabi soʼzlari bilan goʼyoki bank sud qarorining ijrosini taʼminlashdan boʼyin tovlash holatlariga yoʼl qoʼyganligi bilan baholab, bankning shaʼniga putur yetkazilishiga yoʼl qoʼygan.
Taʼkidlash joizki, Oʼzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksining 141-moddasi ikkinchi qismida ishonchnoma bergan shaxs istagan vaqtda ishonchnomani bekor qilishi mumkinligi belgilangan.
Mazkur qoidaga koʼra, “Mikrokreditbank” АTB tomonidan Sh. Sabirovga berilgan ishonchnoma bekor qilinganligi sababli unga qayta ishonchnoma berish yoki bermaslik rahbariyatning huquqi ekanligini tushunishimiz mumkin.
Qonunchilikka koʼra ishonchnoma bermaslik, belgilangan javobgarlikka sabab boʼlishi belgilanmagan.
Ushbu holatlar esa muallif tomonidan chuqur tahlil qilinmagan va oʼrganilmagan. Bu bilan muallifning ushbu hatti-harakatlarini bankning nomiga dogʼ tushurishga urinishi bilan baholashimiz mumkin.
Bundan tashqari maqola bank Sh.Sobirovga nisbatan intizomiy jazoni nojoʼya xatti-harakat, yaʼni xodimning ishdagi kamchiliklari aniqlanganidan bir oy muddat oʼtganidan soʼng qoʼllagani, shuningdek, ish beruvchi tomonidan 2020 yil 10 iyulda intizomiy jazo qoʼllanilishidan oldin Sh. Sobirovdan tushuntirish xati talab qilib olinmagani keltirib oʼtilgan.
Oʼzbekiston Respublikasi Mehnat kodeksining:
- 8-moddasiga koʼra har bir shaxsning mehnat huquqlarini himoya qilish kafolatlanadi, bu himoya mehnat toʼgʼrisidagi qonun hujjatlariga rioya qilinishini tekshiruvchi va nazorat qiluvchi organlar, shuningdek mehnat nizolarini koʼruvchi organlar tomonidan amalga oshiriladi;
- 16-moddasi ikkinchi qismi 8-bandiga koʼra har bir xodim oʼzining mehnat huquqlarini himoya qilish, shu jumladan sud orqali himoya qilish va malakali yuridik yordam olish;
- 270-moddasi birinchi qismi 3-bandiga koʼra xodim oʼz huquqi buzilganligini bilgan yoki bilishi lozim boʼlgan kundan boshlab uch oy muddat ichida tegishli sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga murojaat etish huquqiga ega ekanligi belgilangan.
Yuqorida qayd etilgan mehnat qonunchiligi talablaridan koʼrinmoqdaki, bank tomonidan Sh. Sabirovga nisbatan intizomiy jazo chorasi qoʼllanilganligini bilgan boʼlsada, ushbu jazo chorasi notoʼgʼri qoʼllanilganligi yuzasidan sudga yoki mehnat nizolari komissiyasiga belgilangan muddatda murojaat qilmagan va qabul qilingan buyruq tegishli vakolati organlar tomonidan bekor qilinmagan.
Shu sababli maqola muallifining goʼyoki sud yoki mehnat nizolari komissiyasi sifatida ushbu holatga baho berishi nooʼrindir.
Yuqorida qayd etilganlardan kelib chiqib Bank, tegishli vakolatli organlar tomonidan tasdiqlanmagan maʼlumotlar asosida muallif tomonidan bankning shaʼni va qadir-qimmatini kamsitish maqsadida ushbu maqola tayyorlangan deb hisoblaydi.
MKBank
“Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat banki Oʼzbekiston Respublikasi Prezidentining 2006-yil 5-maydagi “Mikrokreditbank” aksiyadorlik-tijorat bankini tashkil etish toʼgʼrisida”gi PF-3750-sonli Farmoni asosida tashkil etildi.Bank xalqaro moliyaviy institutlar hamda chet el tijorat banklari bilan hamkorlik aloqalarini oʼrnatgan.
Gazetadagi maqola bo'yicha Mikrokreditbankning munosabati