Har qaysi sohani rivojlantirish va kelgusida undan yaxshi samara olish uchun, avvalo, investisiya zarur. Investisiya — imkoniyat, demak. Iqtisodiyotni jadal sur’atlarda taraqqiy ettirish hamda aholi daromadlarining yuqori darajasini ta’minlashda bu juda muhim. Shu bois, xorijdan jalb qilinadigan sarmoyalar alohida ahamiyatga ega.
Prezidentimizning 2018-yil 20-noyabrdagi “Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq xo‘jaligini diversifikasiya va modernizasiya qilish” loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosi doirasida ayni vaqtga qadar Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining 13,71 mln. AQSH dollari miqdoridagi investisiya mablag‘lari jalb qilingan.
Ushbu mablag‘lar evaziga jami 85 ta loyiha moliyalashtirilgan bo‘lib, 200 dan ziyod yangi ish o‘rinlari yaratildi.
Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanidagi Uchtepa qishlog‘ida faoliyat yuritayotgan “BAT ADIBA” MChJ shaklidagi firmasi ham ana shu loyihalardan biri.
Chorvachilikka ixtisoslashgan mazkur xo‘jalik 2019-yilda Xalq bankining Yakkabog‘ tumani filialidan Xalqaro qishloq xo‘jaligini rivojlantirish jamg‘armasining kredit liniyalari hisobidan 83,8 ming AQSH dollari miqdorida kredit olib, 32 bosh naslli chorva mollari olib kelgan.
— Faoliyatimizni boshlaganimizga ko‘p bo‘lgani yo‘q, — deydi “BAT ADIBA” MChJ rahbari Akbar Berdiyev. — Ammo shu qisqa vaqt ichida Xalq bankining moliyaviy ko‘magi bilan ko‘plab natijalarga erishdik. Masalan, bugungi kunga qadar chorvadagi mollarimiz soni 300 dan oshdi. Bu ko‘rsatkich yaqin orada yanada yuqorilaydi, chunki 60 dan ortiq sigirlarimiz tug‘ish arafasida. Qolaversa, kuniga 600 litrdan ziyod sutni sog‘ib olib, qayta ishlayapmiz. Bu orqali esa tumanimiz aholisining nafaqat sut va sut mahsulotlariga bo‘lgan talabi, balki go‘shtga bo‘lgan ehtiyojini ham qondiryapmiz. Ro‘zg‘orimizga ham baraka kirib qoldi. Olayotgan daromadimiz yomon emas. O‘tgan yili yillik yalpi daromadimiz miqdori qariyb 1 mlrd. 900 million so‘mni tashkil qildi. Farzandlarim ham bu ishda menga dastyor bo‘lyapti. Ular uchun xo‘jaligimiz qoshida kichikroq do‘kon ochishni o‘ylab turibman.
Umuman olganda, Akbar Berdiyev chorvachilik tarmog‘ini yo‘lga qo‘yib kam bo‘lgani yo‘q. Oilasiga ham, davlatga ham foyda keltiryapti. 16 nafar doimiy ish o‘rniga ega bo‘lmagan aholini munosib ish o‘rinlari bilan ta’minlagan. So‘nggi yillarda mamlakatimizda chorvachilikni rivojlantirishga, ayniqsa, mazkur sohaga investisiyalarni ko‘proq jalb etishga qaratayotgan e’tibori ham shundan aslida. Xalq banki esa ayni jarayonda faol ishtirok etib, tarmoq rivojini yanada yuksaltirishga alohida hissa qo‘shyapti.
Bank Axborot xizmati.
Invetisiya — iqtisodiy taraqqiyot mezoni