JET: Kartadan kartaga 200 million so'mni komissiyasiz o'tkazish mumkinmi? Batafsil

Ipoteka kreditlari iqtisodiyotga qanot bermoqda

09.10.2013

“Ipoteka krediti: aholini uy-joy bilan ta'minlash  borasida amalga oshirilayotgan ishlar va istiqboldagi vazifalar” - Markaziy bank tomonidan Milliy matbuot markazida tashkil etilgan matbuot anjumani ana shunday nomlandi.

Aholini uy-joy bilan ta'minlash mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar dasturining muhim, hal qiluvchi qismidir va mohiyatan iqtisodiy islohotlarning “o'zbek modeli” samaradorligi va izchilligining amaldagi tasdig'idir. Ushbu modelь makroiqtisodiy rivojlanishning barqaror yuqori sur'atlarini ta'minlash bilan bir qatorda, aholining turmush darajasini yuksaltirish, muvozanatli iqtisodiy taraqqiyotga erishish maqsadlarini o'zida mujassam etgan.

O'zbekistonda yalpi ichki mahsulotning izchil o'sish sur'atlari aholining ijtimoiy-iqtisodiy sharoitlari yuksalishi, daromadlari mutassil oshib borishini ta'minlamoqda va bu o'z navbatida, odamlarning zamonaviy uy-joylarga bo'lgan talabini kuchaytirmoqda. Bu ehtiyojni qondirishda tijorat banklari tomonidan ajratilayotgan ipoteka kreditlarining ahamiyati katta bo'lmoqda. 

Shu yilning 1 sentyabrь holatiga mamlakatimiz banklarining ipoteka kreditlari qoldig'i hajmi 2 trln.379 mlrd so'mni tashkil etmoqda, yoki salkam 58,5 ming oila ipoteka kreditlaridan foydalanmoqda. Shu yilning o'tgan sakkiz oyi davomida ajratilgan salkam 777 mlrd so'm miqdoridagi bank kreditlari evaziga mijozlar yangi uy-joy qurish, xarid qilish va qayta ta'mirlash imkoniga ega bo'ldilar.  

Bugungi kunda uy-joy qurilishi va iqtisodiyotning mazkur soha bilan bog'liq tarmoqlarini rivojlantirish moliya tizimini shakllantirish va barqaror rivojlantirishning eng muhim bo'g'inlaridan biri hamda banklar aktivlari va ishonchli resurs bazasining mustahkam manbai bo'lib qoldi. Aholini zamonaviy uy-joylar bilan ta'minlash borasida mamlakatimizda qo'llanilayotgan mexanizm va to'plangan tajriba shu yil bahorida “Zamonaviy uy-joy qurilishi – qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini qzgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili” mavzusida o'tkazilgan xalqaro konferentsiya qatnashchilari tomonidan jahonning boshqa davlatlari namuna olsa arzigulik ekani ta'kidlandi.

Qayd etish o'rinliki, mamlakatimiz rahbariyati tomonidan aholiga, ayniqsa yoshlarga munosib turmush sharoitini yaratib berishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Ayni paytda “Obod turmush yili” davlat dasturiga muvofiq tijorat banklarining mablag'lari evaziga hududlarda 105 ta ko'pqavatli turarjoy binosi qurilishi davom ettirilmoqda. 2013-2015 yillarda foydalanishga topshiriladigan ushbu kvartiralar ipoteka kreditlari vositasida uch yillik imtiyozli davr bilan foiz stavkasi Markaziy bankning amaldagi qayta moliyalash stavkasidan ortiq bo'lmagan miqdorda yosh oilalarga taqdim etiladi.

Kezi kelganda ipoteka krediti yoshlar yortasida sog'lom va farovon turmush tarzini  qaror toptirish, ijtimoiy bandlikni va yosh avlodning hech kimdan kam bo'lmagan sharoitlarda kamol topishini ta'minlashga xizmat qilishini e'tiborga olib, rag'batlantiruvchi choralar ko'rilganini aytish o'rinlidir: ipoteka kreditidan foydalanayotgan yosh oilalarning daromadlariga soliq solinmaydi.

Ma'lumki, mamlakatimizda qishloq joylarida yakka tartibda uy-joy qurish kompleks dasturi amalga oshirilmoqda. Ushbu dastur minglab qishloq oilalarini zamonaviy, qulay uy-joylar bilan ta'minlash, qishloq infratuzilmasini modernizatsiyalash va rivojlantirish, tegishli tarmoq va xizmat ko'rsatish sohalarining yanada rivojlanishini rag'batlantirish, yangi ish o'rinlarini yaratish va pirovard natijada qishloqlarning qiyofasini tubdan o'zgartirish orqali oilalar turmush farovonligini yuksaltirishga qaratilgan.

Mazkur dastur doirasida 2009-2012 yillarda namunaviy loyihalar asosida mamlakatimizning 159 ta qishloq tumanida 650 ta yangi qishloq uy-joy massivi barpo etildi, umumiy maydoni 3,2 mln kvadrat metr bo'lgan 23,6 mingdan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurildi va ushbu maqsadlarga 1,2 mlrd dollardan ziyod miqdordagi investitsiyalar yo'naltirildi.

Joriy yilda ham qishloq joylarida uy-joylarni keng ko'lamda qurish ishlari davom ettirilmoqda. 353 ta qishloq massivi hududida 1,4 mln kvadrat metr bo'lgan 10 mingta barcha qulay sharoitlarga ega uy-joy qurish ko'zda tutilgan. Buning uchun banklar tomonidan 1 trln 385 mlrd so'mdan ortiq mablag'lar ajratish mo'ljallangan.

Qishloq aholisining ijtimoiy-iqtisodiy imkoniyatlarini kengaytirishga yirik hajmdagi investitsiyalarning yo'naltirilishi qishloq joylarini kompleks rivojlantirish va qiyofasini o'zgartirish hamda aholi hayotining sifatini yaxshilash omili bo'lib qolayotgani ifodasidir.

Yana bir muhim jihat shuki, zamonaviy uy-joylarni ipoteka krediti asosida xarid qilish uchun odamlarga katta qulaylik yaratilgan. Ya'ni qurilayotgan uy-joylarning egalariga banklar tomonidan 15 yil muddatga yillik 7 foiz stavka bo'yicha kreditlar ajratilmoqda. Xaridor dastlab namunaviy loyiha asosida qurilgan uy narxining 25 foiz miqdoridagi boshlang'ich badal pulini to'laydi va qurilish jarayonini nazorat qilib boradi. Uy bitgach, u shaxsiy mulk sifatida qabul qilib olinadi, gaz, suv, elektr energiyasi va boshqa muhandislik tarmoqlariga hech qanday qo'shimcha to'lovlarsiz ulanadi. Bank kreditlari hisobidan yakka tartibda uy-joy qurayotgan qishloq aholisi kreditlarni qaytarish va ularning ustama foizlarini qoplashga yo'naltiriladigan daromad soliqlarini to'lashdan ozod etilgan. Bundan tashqari, ular sotib olgan uy-joydagi mulk uchun ipoteka kreditini to'liq to'lagunga qadar soliq to'lamaydilar.

Mamlakatimizda uy-joy qurilishi masalasiga davlat siyosati darajasida e'tibor berilayotgan ekan, bu o'z navbatida, tijorat banklari zimmasiga ham ma'lum vazifalarni yuklaydi. Kredit tashkilotlari ushbu mas'uliyatli vazifani bajarish uchun nafaqat ichki resurslarni bank aylanmasiga jalb etish, balki xorijiy moliya institutlari bilan yaqindan hamkorlik qilish choralarini ham ko'rib boradilar.

Manba:cbu.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

04.07.2024

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

02.07.2024

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi
Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi



Orphus tizimi