Ipoteka kreditlari berish ko‘lamini yanada kengaytirish, xususiy pudrat tashkilotlarini rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning yangi mexanizmlarini joriy etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yilning 28 noyabr kuni “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” PF–5886-sonli Farmoni qabul qilindi.
Farmonga asosan, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy etildi, unga muvofiq:
ipoteka bozorini uzoq muddatli resurslar bilan ta’minlash maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi pul mablag‘larini tijorat banklariga 15 yil muddatga bozor shartlari asosida joylashtiradi;
tijorat banklari aholiga o‘z mablag‘lari va O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan ajratiladigan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlarini taqdim etadi;
O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi tomonidan tijorat banklariga ajratilgan mablag‘lar hisobidan ipoteka kreditlari bozor stavkasi bo‘yicha, bitta qarz oluvchiga beriladigan kreditning cheklangan miqdori belgilangan va qarz oluvchiga uy-joyning joylashgan joyi va maydonini mustaqil ravishda tanlash huquqi berilgan holda taqdim etiladi;
ayrim shaxslarga, shu jumladan kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lanadi.
Yangi tartib doirasida subsidiyalar:
qishloq joylarda — birinchi besh yil davomida ipoteka krediti bo‘yicha foiz to‘lovlari bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun — 10 foizlik punktdan oshgan qismiga;
shaharlarda — dastlabki badalning bir qismini to‘lash bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash uchun uy-joy hisoblangan qiymatining 10 foizi miqdorida va birinchi besh yil davomida kredit bo‘yicha foizlarni qoplash uchun — Toshkent shahrida 12 foizlik punktdan oshgan qismiga, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar shaharlarida 10 foizlik punktdan oshgan qismiga to‘lanadi.
Farmonda 2020 yil martdan boshlab subsidiyalar olish uchun arizalar O‘zbekiston Respublikasi Davlat xizmatlari markazlari yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali orqali berilishi belgilandi.
Shuni ham alohida ta’kidlash lozimki, ushbu yangilik fuqarolar tomonidan turlicha talqin qilinmoqda hamda “endi yangi uylarga DXM orqali navbatga yozilamiz ekan” degan noto‘g‘ri tasavvurni keltirib chiqarmoqda deyiladi Davlat xizmatlari agentligi tarqatgan xabarda.
Aslida esa bunday emas. Ushbu yangi uyingiz uchun ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun subsidiya (qaytarib bermaslik sharti bilan qarz olish) olish Markazlar orqali amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Uyga ro‘yxatga qo‘yish esa, avvalgidek hokimliklar tomonidan amalga oshiriladi.
O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va sanoat vazirligi tomonidan Adliya vazirligi, boshqa vazirlik va idoralar bilan birgalikda subsidiya to‘lanadigan shaxslarni tanlash tartibi va mezonlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi hukumat qarori loyihasi ishlab chiqilib O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga kiritildi. Loyihada, shuningdek arizani ko‘rib chiqish tartibi va muddatlari batafsil bayon etilgan.
Loyiha bilan taklif etilayotgan tartibni batafsilroq yoritsak, Davlat xizmatlari markazlari orqali subsidiya olishdagi daromadi yuqori bo‘lmagan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni aniqlash va subsidiya olishga loyiq deb topish qismi amalga oshiriladi.
Xususan, fuqaro Davlat xizmatlari markazlariga murojaat etib, tegishli ma’lumot va hujjatlarni elektron tarzda taqdim etadi. Keyinchalik, vakolatli tashkilotlar fuqaroni mezonlarga mos kelishini aniqlash maqsadida ariza va taqdim etilgan hujjatlarni ko‘rib chiqadilar, va har bir mezon uchun ballar belgilaydilar.
Keyingi bosqichda, har bir tashkilot tomonidan qo‘yilgan ballar umumlashtirish uchun tuman/shahar Komissiyasiga ( tuman/shahar hokimiyatlar tarkibida) yuboriladi va mazkur Komissiya fuqaroni ipoteka krediti bo‘yicha subsidiya olishga haqli deb topsa, subsidiya berish to‘g‘risidagi qarorni qabul qiladi va tegishli xabarnomani Davlat xizmatlari markazlariga yuboradi. Ushbu xabarnoma murojaat qilgan fuqaroga yuboriladi.
Fuqaro xabarnomani olganidan so‘ng, mustaqil ravishda xabarnomada ko‘rsatilgan yuqori qiymatidan oshmagan qiymatli uy-joyni ipoteka krediti orqali sotib olish bo‘yicha qurilish (pudrat) tashkiloti bilan shartnoma tuzadi, va uni tegishli hujjatlar bilan birgalikda bankka taqdim etadi.
Ishtirok etuvchi tijorat banki ushbu hujjatlarini o‘rganib chiqib, moliya bo‘limi bilan birgalikda ipoteka krediti bo‘yicha davlat budjetidan talabgorga ajratilishi mumkin bo‘lgan subsidiya summasini aniqlaydi.
Tijorat banki tuman (shahar) g‘aznachilik bo‘limlariga ipoteka krediti bo‘yicha boshlang‘ich badalning bir qismini qoplash uchun subsidiya summasini tijorat banki tomonidan ko‘rsatilgan hisobraqamiga o‘tkazib berish uchun buyurtmanomani yuboradi.
Boshlang‘ich badalni qoplash uchun subsidiya summasi o‘tkazilgandan so‘ng ishtirok etuvchi tijorat banki fuqaro bilan ipoteka krediti shartnomasini tuzadi.
Loyiha qabul qilinib, vakolatli organlar tomonidan barcha zaruriy tashkiliy choralar ko‘rilib xizmat to‘liq yo‘lga qo‘yilgach, bu haqdagi batafsil ma’lumot Agentlik rasmiy sahifalari orqali yetkaziladi.
Ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi va subsidiyalar...