JET: Qimmat butik do'konlarda qalbaki brendlar sotilishi mumkinmi? Batafsil

Konversion karta egalarida boshqa shaxslar kartasiga valyuta o‘tkazish imkoniyati bor

18.10.2017


Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017-yil 2-sentabrdagi “Valyuta siyosatini liberallashtirish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni mamlakatimizda valyutani tartibga solishning bozor mexanizmlarini joriy qilish, to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni faol jalb qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilarning tashqi va ichki bozordagi raqobatdoshligini oshirishda dasturilamal bo‘layotir.

O‘zbekistonda erkin konvertatsiya kiritilganiga bir oydan oshdi. Aholi mamlakat banklariga valyuta topshirish va uni sotib olish imkoniga ega bo‘ldi. Bugun mazkur farmonning moliya muassasalarida qay tartibda bajarilayotgani bilan yaqindan tanishish maqsadida respublika tijorat banklaridan birining filiali faoliyati bilan tanishdik. «Qishloq qurilish bank»ning Toshkent viloyati mintaqaviy filialining valyuta ayriboshlash shoxobchasi har kunlik tartibda ishlayotgan ekan.

Filial mutaxassislaridan olgan ma’lumotimizga ko‘ra, aholiga qulaylik yaratish va ish hajmining ortgani hisobiga “Qishloq qurilish bank” tizimida mavjud 10 ta konversion operatsiyalar bo‘limiga qo‘shimcha ravishda yana 29 ta filialda konversion operatsiyalar bo‘limi tashkil etilibdi. Jumladan, Toshkent viloyati bo‘yicha bankning Ohangaron, G‘azalkent, Bekobod, Yangiyo‘l filiallarida ham konversion bo‘limlar va valyuta ayirboshlash shoxobchalari faoliyati yo‘lga qo‘yilibdi. Valyuta ayirboshlash shoxobchalari bayram va dam olish kunlari ham ishlar ekan.

– Joriy yilning 5-sentabridan buyon shoxobchalarimizda xorijiy valyutalar sotib olinmoqda, - deydi mintaqaviy filialning valyuta operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Saidkamol Nuriddinxonov. – Jismoniy shaxslar istalgan miqdordagi xorijiy valyutani bozor mexanizmlari asosida shakllantirilgan valyuta kurslari bo‘yicha topshirgan holda naqd so‘m olishmoqda. Agar xarid qilishmoqchi bo‘lishsa, VISA xalqaro plastik kartalariga o‘tkazib beriladi. Bank tomonidan ochiladigan xalqaro to‘lov kartalari orqali dunyoning 170 dan ortiq mamlakatlarida joylashgan 24 milliondan ortiq VISA kartalarini qabul qilish muassasalarida to‘lovlarni amalga oshirish mumkin.

Yana o‘sha eski, hech qayerga o‘tmaydigan plastik kartami? deyishga shoshilmang. To‘g‘ri, avvalgi maxsus konversion kartalar tizimida 2 ming dollargacha mablag‘ o‘tkazilgan. Shuningdek, naqd pul yechish bo‘yicha juda katta cheklovlar, masalan, bir qancha davlatlardagi terminallarda ishlashiga cheklovlar qo‘yilgan edi. Ayni vaqtda, xalqaro to‘lov kartalariga xarid qilinadigan valyuta miqdori, valyuta sarflanadigan davlatlar va bankomatlarda yechiladigan valyuta miqdoriga hech qanday cheklovlar yo‘q.


Agar bu jarayonni mazkur bank filiali misolida kuzatadigan bo‘lsak, konversion kartalararo pul o‘tkazmalari xizmati joriy etilgan ekan. Endilikda konversion karta egalari o‘z hisobidan xorijiy valyutani qabul qiluvchi chet elda bo‘lgan taqdirda ham kartadan kartaga o‘tkazishlari mumkin. Faqat bu xizmatning bitta talabi bor. U ham bo‘lsa mablag‘ o‘tkazuvchi ham, qabul qiluvchi ham “Qishloq qurilish bank” konversion kartasi egalari bo‘lishi lozim.

– Bu kartalar chet elda naqd pul olib yurgandan ming marta afzal, – deydi bank mijozi Sanjarbek Alioxunov. – Axir bankdan xorijiy valyuta sotib olayotgan insonning asosiy maqsadi xorijdan biror narsa xarid qilish yoki xorijda xizmatlardan foydalanganlik uchun hisob-kitob qilishdan iborat bo‘ladi. O‘zbekistonda har qanday narsani so‘mda olishi mumkin-ku?

Yaratilgan qulayliklar tahsinga loyiq. Biroq, xalqaro to‘lov kartasida pul mablag‘lari ortib qolsa yoki bu kartalar xorijda ishlamay qolsa nima bo‘ladi?

– Jismoniy shaxslar xalqaro to‘lov kartasi yo‘qolib qolganda, maxfiy paroli yo‘qotilganda yoki uni ishlatish bo‘yicha muammolar yuzaga kelganda bank filialiga murojaat qilishi lozim, –deydi “Qishloq qurilish bank” Toshkent viloyati filialining Konversion operatsiyalari bo‘limi boshlig‘i Ma’ruf Isroilov. – Murojaatga asosan mijozga yuzaga kelgan muammoni tez bartaraf etishda amaliy yordam ko‘rsatiladi.

Bankka kun davomida ko‘plab fuqarolar valyutani almashtirish maqsadida murojaat qildi. Ularni ba’zilarining fikrlari bilan qiziqdik.

– Chet el valyutasini xarid qilish va ularni sotishda barcha cheklovlar olib tashlangani yaxshi bo‘ldi, – deydi mijoz Sevara G‘ulomova. – Turmush o‘rtog‘im horijda ishlaydi. U yuborgan valyutani bexavotir bankda almashtirib oldim. Endilikda valyuta uchun to‘lovni nafaqat naqd pulda, balki so‘m plastik kartalarda ham amalga oshirish mumkin ekan. – Xizmat ko‘rsatish qulay, – deydi mijoz Kozimjon Tursunov. – Ortiqcha vaqtni talab qilmaydi. Uni ustiga yirik va yangi so‘m berilayotgani ham yaxshi bo‘ldi. Bundan tashqari endilikda xorijiy valyutani sotib olish imkoni paydo bo‘ldi. To‘g‘ri, qo‘lingizga hech kim xorijiy valyutani berib qo‘ymaydi, konversion karta olish kerak ekan. Ammo, bankdan xorijiy valyutani erkin xarid qilish imkoni yaratilishining o‘zi muhim voqea bo‘ldi. Buning uchun Prezidentimizga rahmat.

– Shoxobchaga murojaat etgach, uch daqiqada ishim bitdi, – deydi Shokir Salimov.- Shu vaqtgacha xorijiy valyutani ayirboshlash uchun banklarga emas, rostini aytaman, "qora bozor"ga murojaat qilardik. Ichimizda aldanib qolmasmikanman degan xadik va ishonchsizlik bo‘lardi. Rasmiy kurs bilan “qora bozor” kursi o‘rtasida deyarli ikki barobarlik tafovut bor edi. Endi bularning bari o‘tmishda qoldi. Mana banklarga erkin murojaat qilib, xorijiy valyutani bemalol ayirboshlayapmiz. Eng muhimi, ishonchli.

Ta’kidlash joizki, aholi keyingi bir necha yillar ichida birinchi marta moliyaviy muassasada valyutani “qora bozor”dan yuqori narxda, buning ustiga pasportsiz almashtirish imkoniyatiga ega bo‘ldi. Jismoniy shaxslar ham tijorat banklarining konversion bo‘limlarida chet el valyutasini xalqaro to‘lov kartalariga erkin sotib olishi, ulardan xorijda hech qanday cheklovlarsiz, shu jumladan, bank hisobvaraqlari orqali xorijda o‘qish, davolanish va boshqa maqsadlardagi to‘lovlar uchun foydalanishi mumkin. Mablag‘ning umumiy miqdori 10 ming dollarga yetsagina shaxsni tasdiqlovchi hujjat talab etilmoqda.

– Tijorat banklarining valyuta ayirboshlash shoxobchalaridagi kursni shakllantirishda valyuta bozoridagi real talab hamda taklif asos bo‘lib xizmat qiladi, – deydi Iqtisodiy tadqiqotlar markazi bosh ilmiy xodimi Ashurali Xudoynazarov. – U banklararo naqdsiz operatsiyalar bo‘yicha kursdan farq qilishi mumkin. Valyuta ayirboshlash shoxobchalaridagi kursga keladigan bo‘lsak, rivojlangan mamlakatlarda u banklararo naqdsiz operatsiyalar bo‘yicha kurs asosida minimal marja bilan o‘rnatiladi. Naqd mablag‘lar ulushi aylanmada qancha ko‘p bo‘lsa, ayirboshlash kursi banklararo kursdan shunchalik farqlanadi. Shuning uchun ham mamlakatimizda kurslar o‘rtasida farq sezilarsiz darajada bo‘lishi uchun naqdsiz hisob-kitoblarga katta e’tibor qaratilmoqda.

«Qishloq qurilish bank»ning Toshkent viloyati mintaqaviy filialidagi valyuta ayriboshlash shoxobchasidagi holatlarni boshqa banklarda kuzatishimiz mumkin. Demak, bugun jismoniy va yuridik shaxslarning xorijiy valyutani milliy valyutaga davlat kursida almashtirish yoki xarid qilishda hech kanday cheklovlar mavjud emas.

Manba:www.uza.uz


BRB
O'xshash yangiliklar
“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

04.07.2024

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

02.07.2024

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi
Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi



Orphus tizimi