Agar biron-bir sabablarga ko‘ra sizga zudlik bilan pul kerak bo‘lganda hamda biror kimdan qarz olish yoki bir necha soat ichida kredit olish imkoni bo‘lmasa, Siz, lombardda uch oydan oshmaydigan kreditni qimmatbaho ko‘char mol-mulkingiz garovi evaziga olishingiz mumkin.
Lombard xizmatlarining qulayligi shundaki, kreditni olish uchun uzoq vaqt sarflanmaydi va ko‘p xujjatlar talab qilinmaydi.
Lombardda kreditni olish va qaytarish sxemasi quyidagicha:
Agar kreditni so‘ndirish ilojisi bo‘lmasa, garovga qo‘yilgan mol-mulk lombard tomonidan sotiladi va kredit, kredit bo‘yicha foizlar, jarima (neustoyka) va uni sotish bilan bog‘liq bo‘lgan boshqa xarajatlar uchun to‘lovlar amalga oshiriladi. Shu bilan, garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotuvidan olingan mablag‘ yetarli bo‘lmagan taqdirda, lombardga bo‘lgan qarz yopiladi.
Agar garovga qo‘yilgan mol-mulkni sotish chog‘ida olingan summa lombardga to‘lanilishi lozim bo‘lgan summadan ortiq bo‘lsa, u holda Sizga farqi (tafovuti) to‘lanadi.
Garovga qo‘yilgan mol-mulk yo‘qotilgan yoki yetishmagan taqdirda, lombard, garov biletida ko‘rsatilgan baholash summasiga muvofiq uning qiymatini mol-mulkning egasiga qaytarishi shart. Garovda ushlab turilgan mol-mulkka zarar yetkazilgan hollarda, lombard, yetkazilgan shikast yengib bo‘lmaydigan kuch oqibatida yuz berganligini isbotlay olmasa, garovga qo‘yuvchi mulkdorga taraflarning kelishuvi bilan belgilangan lekin garov biletida ko‘rsatilgan mol-mulkning qiymatidan ko‘p bo‘lmagan miqdorda to‘lab berishi shart.
Kredit summasi belgilangan muddatda qoplanmaganligi taqdirda, lombard, notariusning ijro yozuvi (ijro etish uchun asos bo‘lib xizmat qiluvchi tartibot hujjati) asosida imtiyozli bir oylik muddati o‘tganidan so‘ng garov mol-mulkini sotishi mumkin.
+ Olish osonligi: garov mol-mulki va bir nechta hujjatlar kerak xolos;
+ Tezligi: kredit olish jarayoni uzoq vaqt talab qilmaydi;
+ Xatar (risk) pastligi: agar qarzni to‘lash imkoni bo‘lmasa, uning so‘ndirilishi garovga qo‘yilgan mol-mulkning hisobidan amalga oshiriladi, ushbu mablag‘ lombardning talablarini to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmasa ham;
- Foiz: Lombardlar karzlarni juda yuqori foizda berishadi.
Lombardlar shaxsiy iste'molga mo‘ljallangan fuqarolarning ko‘char mol-mulklarini saqlash uchun ham qabul qilishlari mumkin. Saqlash uchun mol-mulkni qabul qilishda, lambard mijozga shaxsiy saqlash kvitansiyasini beradi.
Lombardga topshirilgan narsa baholanishi va uning to‘liq baholangan summasiga muvofiq mijozning foydasiga sug‘urtalanishi lozim.
Mijoz ashyoni qaytarib olishdan bosh tortgan holatda, lombard ushbu ashyolarni uch oy muddat ichida saqlashi kerak. Uch oy o‘tgandan so‘ng talab qilib olinmagan ashyolarni lombard sotishi mumkin.
Lombardlar omonatlarni qabul qilishi taqiqlangan (ruxsat berilmagan). Lombardlar tijorat banklaridan mablag‘lar, yuridik shaxslardan va jismoniy shaxs-ta'sischilardan qarz mablag‘larini jalb etishga haqli.
O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki qonun bilan belgilangan tartibda lombardlar faoliyatini lisenziyalaydi, tartibga soladi va nazorat qiladi. Markaziy Bank saytida O‘zbekiston Respublikasida faoliyat ko‘rsatayotgan lombardlar ro‘yxati mavjud.
Lombard