Bank tizimida xizmatlar ko‘rsatishning bozor mexanizmlari keng joriy qilinayotganligi, aholi va tadbirkorlik sub’ektlari uchun yangi bank xizmat turlarining ko‘paytirilganligi va ularning ommabopligini oshirishga qaratilgan aniq chora-tadbirlar banklarning kredit qo‘yilmalarining o‘sishiga olib kelmoqda.
Bu esa, bank tizimida yuqori kredit risklarini ham vujudga keltirgan holda Markaziy bank tomonidan bunday risklarni nazorat qilish, ularni dastlabki bosqichlarda aniqlash va salbiy ta’sirini kamaytirish choralarini ko‘rish yuzasidan banklarga tegishli ko‘rsatmalar berib kelinmoqda.
Shu bilan birga, ajratilgan kreditlar holati va banklarning kredit portfeli sifatini baholash, kredit axboroti almashinuvini yaxshilash, bank nazorati samarasini oshirish hamda kreditlarga doir ma’lumotlarni umumlashtirish va qayta ishlashda ilg‘or axborot texnologiyalaridan foydalanish zarur.
Bundan tashqari, 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasiga muvofiq, shuningdek pul-kredit siyosati, umuman bank tizimining barqaror faoliyat ko‘rsatishi ustidan samarali nazoratni amalga oshirish borasidagi islohotlar doirasida on-line rejimida bank operatsiyalarini amalga oshirish hamda axborot almashinuvi tizimini takomillashtirish Markaziy bankning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.
Yuqoridagilarni hisobga olgan holda 2018-2019 yillarda Markaziy bank tomonidan Kredit axborotining davlat reyestrining yangi infratuzulmasi yaratishni rejalashtirmoqda.
Ushbu jarayonda Jahon bankining texnik ko‘magi jalb etilgan va ushbu loyiha doirasida Xalqaro moliya korporatsiyasi mutaxassislaridan iborat Ishchi guruh bilan yaqindan hamkorlik qilinmoqda.
Xalqaro moliya korporatsiyasi bilan hamkorlikda yaratilishi rejalashtirilgan yangi tizim ikki tarkibiy qismdan iborat bo‘ladi:
birinchi qism - Kredit axborotining davlat reyestrining dasturiy-texnik majmuasining asosiy funksiyasi, ya’ni kredit axborotini yuboruvchilaridan birlamchi ma’lumotlarni yig‘ish va reyestrga operativ kiritishni ta’minlovchi zamonaviy dasturiy majmuani yaratish;
ikkinchi qism - tahliliy dasturiy-texnik majmuani yaratish. Uning asosiy funksiyasi dasturiy vositalar yordamida to‘plangan ma’lumotlardan turli hisobotlarni shakllantirish va tahlilni amalga oshirishdir.
Ushbu loyihaning amalga oshirilishi axborot almashinuvi samarasini oshirish bilan birga quyidagi imkoniyatlarni yaratadi:
· kredit tashkilotlaridan keladigan ma’lumotlarni sifatini oshirish va haqqoniyligini ta’minlash maqsadida reyestrda o‘rnatiladigan dasturiy mantiqiy nazoratlarni bir vaqtning o‘zida kredit axboroti yetkazib beruvchi kredit tashkilotlarida ham amalga kiritish;
· kredit axborotini kiritishdagi hamda oldin kiritilgan yozuvlar tarkibidagi xatoliklarni kredit operatsiyalarini amalga oshirilishiga ta’sir etmagan holda real vaqt rejimida bartaraf etish;
· kredit tarixi negizida yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan kredit risklarini bashorat (prognoz) qilish va ularni oldini olish, banklarning likvidliligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi omillar va turli ssenariylarda stress-testlar o‘tkazish;
· mavjud ma’lumotlar asosida korrelyatsion, regression va boshqa tahlillarni amalga oshirishda hamda hisobotlarni shakllantirishda zamonaviy tahliliy tizimlardan foydalanish;
· Markaziy bankning tarkibiy bo‘linmalari tomonidan kredit axboroti to‘g‘risidagi ma’lumotni olish va hisobotlarni shakllantirishda yagona manbadan, ya’ni reyestrning axborot bazasidan, shuningdek yagona dasturiy majmuadan foydalanishni ta’minlash;
· reyestrga kredit axborotining yuborilishi to‘liq avtomatlashganligi bois tijorat banklari tomonidan Markaziy bank uchun alohida yig‘ma hisobotlar tayyorlashdan voz kechgan holda, hisobotlar shakllantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarni qo‘shimcha vazifalardan ozod etish.
Manba:www.cbu.uz
Markaziy bank va tijorat banklari o‘rtasida kredit axboroti almashinuvi tizimining yangi infratuzulmasi yaratilmoqda