Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi Batafsil

Moliyaviy barqarorlik – taraqqiyot kafolati

21.11.2014

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklar uyushmasi, Bank-moliya akademiyasi tomonidan tashkil etilgan ilmiy-amaliy konferensiyada iqtisodiyotimiz real sektori korxonalarini modernizatsiya qilishda bank-moliya institutlari ishtirokining dolzarb masalalari muhokama etildi. Mamlakatimiz bank-moliya sektorini barqaror rivojlantirish masalasi bo‘yicha amaliy taklif hamda tavsiyalar ishlab chiqishga qaratilgan ushbu tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlari, vazirlik va idoralar, ilmiy-tadqiqot va ta’lim sohasi vakillari, moliya-kredit tashkilotlari ekspertlari ishtirok etdi.

O‘zbekiston Respublikasi moliya vazirining o‘rinbosari M.Mirzayev, Markaziy bank raisining o‘rinbosari A.Haydarov, Bank-moliya akademiyasi rektori vazifasini bajaruvchi A.Bekmurodov va boshqalar mamlakatimiz bank tizimini isloh etish hamda erkinlashtirishning ustuvor yo‘nalishlari, uning barqarorligini oshirish haqida so‘z yuritdi. Banklar faoliyatini yanada takomillashtirish va barqarorligini oshirish, qo‘shimcha investitsiyalar jalb qilish, ko‘rsatilayotgan xizmatlar ko‘lamini kengaytirish, aholining bank-moliya tuzilmalariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash bu borada muhim omillar sifatida belgilangani ta’kidlandi. 

Prezidentimizning 2010-yil 26-noyabrda qabul qilingan «2011-2015-yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko‘rsatkichlariga erishishning ustuvor yo‘nalishlari to‘g‘risida”gi qarori bu va boshqa ko‘plab vazifalarni hal etishga yo‘naltirilgan. 

Tadbirda mamlakatimiz bank-moliya sektorini barqaror rivojlantirishga doir amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar ijobiy samara berayotgani qayd etildi. Masalan, joriy yilning 10 oyida iqtisodiyotning real sektoriga yo‘naltirilgan bank kreditlari umumiy hajmi 31,8 trillion so‘mni tashkil qildi. Bu 2013-yilning shu davriga nisbatan 30,8 foiz ko‘pdir. Investitsion kreditlar miqdori o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 24,1 foiz o‘sdi va 7,2 trillion so‘mdan oshdi. Bank-moliya tashkilotlari kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlarini muntazam qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Shu yilning 1-noyabr holatiga ko‘ra, ularga ajratilgan kreditlar hajmi 8 trillion so‘mdan oshdi va bu hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturlarini moliyalashtirish imkonini bermoqda. Bank nazoratining samarali amalga oshirilayotgani, bank likvidligi va aktivlari sifati ustidan doimiy monitoring olib borilayotgani O‘zbekiston banklarining xalqaro darajada yuqori reyting ko‘rsatkichlarga erishayotganining kafolati bo‘lmoqda. Bugungi kunda jahondagi yetakchi «Fitch» «Stanfart & Poor`s» «Moody`s» reyting agentliklari mamlakatimizning barcha tijorat banklariga barqaror reyting ko‘rsatkichlarini bergan.

Mamlakatimiz erishayotgan iqtisodiy yutuqlar xalqaro moliya institutlari tomonidan yuksak baholanmoqda. Jumladan, Jahon banki guruhining 2014-yilning 29-oktabrida e’lon kilingan «Biznes yuritish – 2015: Samaradorlik doirasidan chiqib» mavzusidagi ma’ruzasida O‘zbekiston o‘tgan yilga nisbatan o‘z pozitsiyasini 8 bandga yaxshilagan.

– O‘zbekiston bosqichma-bosqich tarkibiy islohotlarning amalga oshirilayotgani va iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlari diversifikatsiya qilinayotgani samarasida taraqqiyotning barqaror yuqori ko‘rsatkichlarini namoyish etmoqda, – deydi Keyo universiteti professori Shigeo Kashivagi (Yaponiya). – Bu esa eksport mahsulotlari hajmi va sifatini oshirish, sanoat ishlab chiqarishini yuksaltirish imkonini bermoqda. O‘zbekiston kichik biznesga kredit ajratish bo‘yicha yanada yaxshi o‘rinlarni egallashi lozim.

Konferensiyada ekspertlarning qirqdan ziyod ma’ruzasi tinglandi. Ayniqsa, iqtisodiyot real sektori korxonalariga kredit ajratish, ushbu korxonalarni modernizatsiya qilishda fiskal siyosat mexanizmlarini takomillashtirish, faol investitsiya siyosatini amalga oshirishda banklar ishtirokini yanada kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Bundan tashqari, mamlakatimiz moliya institutlarining buxgalterlik hisobi va audit tizimini IFRS va ISA xalqaro standartlariga muvofiqlashtirish, pensiya va sug‘urta jamg‘armalari mablag‘laridan foydalanish mexanizmlari samaradorligini oshirish masalasi ham ko‘rib chiqildi.

Manba:uza.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

25.10.2024

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

24.10.2024

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi

24.10.2024

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi



Orphus tizimi