2013 yil 8 avgust kuni “Moody’s” xalqaro reyting agentligi “O'zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqboli” yangi hisobotini e'lon qilib, O'zbekiston bank tiziminining rivojlanish istiqbolini ketma-ket to'rtinchi yil “barqaror” deb tasdiqladi.
“Moody’s” agentligining fikricha, 2010 yildan buyon bank tizimi rivojlanishining istiqboli “barqaror” darajada saqlanishida banklar faoliyati uchun qulay shart-sharoit yaratayotgan mamlakat iqtisodiyotining jadal suratlar bilan o'sib borishi asosiy omil bo'lmoqda.
“Moody’s” agentligining hisobotida banklar daromadliligining ijobiy ko'rsatkichlari va aktivlari sifatining yaxshilanishi, shuningdek, likvidlik darajasining barqarorligi, mijozlar depozitlarining o'sib borishi, hukumat tomonidan yirik banklarga yo'naltirilayotgan sezilarli moliyaviy resurslar asosiy ijobiy omillar bo'ldi, deyiladi.
Bank tizimining moliyaviy barqarorligini mustahkamlashga qaratilgan maqsadli chora-tadbirlar tijorat banklari umumiy kapitali hajmini oxirgi uch yilda 2 barobardan ziyod oshirish imkonini berdi va 2012 yilda bank tizimining umumiy kapitali o'sishi 24,2 foizni tashkil etdi.
Banklar kapitalining etarlilik darajasi 24,3 foizni tashkil etib, bu ko'rsatkich xalqaro standartlardan (8 foiz) qariyb 3 barobar yuqoridir.
Banklarning barqaror mavqei bank tizimiga bo'lgan ishonchning o'sishi, aholi va korxonalarning bo'sh pul mablag'larini depozitlarga jalb qilishning mustahkam asosi bo'lib qolmoqda. So'nggi uch yilda bank depozitlariga jalb etilgan mablag'lar 2,6 barobar, shu jumladan aholi omonatlari miqdori 2,4 barobar o'sishi ta'minlandi. 2012 yilda xo'jalik sub'ektlari va aholi depozitlari hajmi 31,5 foiz o'sdi. O'tgan yili banklarning jami aktivlari 30,2 foiz, so'nggi uch yilda esa bu ko'rsatkich 2,3 barobar oshdi.
“Moody’s” agentligi ekspertlari ta'kidlashicha, so'nggi 12 oy ichida O'zbekiston bank tizimi aktivlari sifati sezilarli darajada oshib, iqtisodiyotning yuqori sur'atda o'sishini ta'minlamoqda. Shu bilan birga “Moody’s” reyting agentligi banklarning daromadlilik ko'rsatkichlari, jumladan, aktivlar va kapitalining joriy rentabelliligi saqlab qolinishiga ishonch bildirmoqda.
Shuningek, “Moody’s” reyting agentligi prognoz qilishicha, joriy yilda kreditlash hajmi 20 foiz o'sadi. Kreditlash ko'lamining jadal kengayishi sharoitida kapitalning joriy etarlilik darajasini saqlab qolish uchun 2013-2014 yillarda tijorat banklarining jami kapitalini yiliga kamida 20 foiz o'sishini ta'minlash bo'yicha choralar ko'rib boriladi.
“Moody’s” agentligi ekspertlari fikricha, mamlakat iqtisodiyotining yuqori o'sishi prognoz qilinayotgan kelgusi 12-18 oy mobaynida banklar uchun qulay operatsion muhit yaratilishini ta'minlaydi.
O'zbekiston bank tizimining barqaror rivojlanishi o'tgan yilning 28 noyabridan 7 dekabrigacha mamlakatimizga tashrif buyurgan Xalqaro Valyuta Fondining missiyasi tomonidan ham qayd etilgan edi. Xususan, missiya “O'zbekiston bank tizimi yuqori ko'rsatkichlarni namoyish etib kelmoqda. Xalqaro standartlardan kelib chiqib qaraganda, banklar kapitalining etarlilik koeffitsienti yuqori darajada saqlanib turibdi”, va “...bank tizimining barqarorligi, davlat qarzining kamligi va tashqaridan qarz olishga ehtiyotkorlik bilan yondashish mamlakatni global inqirozning salbiy oqibatlaridan himoya qildi”, deb ta'kidlagan edi.
Manba: cbu.uz
“Moody’s”: O'zbekiston bank tizimi rivojlanishining barqarorligi saqlanmoqda