JET: So'm yoki dollar omonatlari: O'zbekistonda qaysi biri foydaliroq? Batafsil

Namunaviy uylar uchun yangi omonatlar

12.02.2015

Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida jamiyatimizni modernizatsiyalash yo‘lida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar jarayonida xalqimiz uchun hech kimdan kam bo‘lmagan munosib turmush sharoiti yaratish eng ezgu maqsadga aylandi. Yildan-yilga aholining farovonligi ortib, hududlarda namunaviy loyihadagi uy-joylar qurish sur’ati va ko‘lami kengayayotgani buning dalilidir.

Davlatimiz rahbarining 2010-yil 17-iyunda qabul qilingan “Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida xususiy uy-joy qurilishini kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori asosida mamlakatimizning barcha hududlarida namunaviy loyihalar asosida uch, to‘rt va besh xonali uylar qurilmoqda. Yangi uylar xalqimizning milliy hayot tarzi, mahalliy iqlim sharoiti, shu bilan birga, zamonaviy muhandislik-kommunikatsiya tizimlari bilan uyg‘un, bahavo, yorug‘, keng va qulay holda barpo etilayotgani yurtdoshlarimizga ma’qul kelmoqda.

Qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida yakka tartibda uy-joy qurish bo‘yicha maqsadli davlat dasturi amalga oshirilmoqda. Prezidentimizning mamlakatimizni 2014-yilda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish yakunlari va 2015-yilga mo‘ljallangan iqtisodiy dasturning eng muhim ustuvor yo‘nalishlariga bag‘ishlangan Vazirlar Mahkamasining majlisidagi ma’ruzasida qishloq joylarda xususiy uy-joylarni qurish bo‘yicha keng ko‘lamli dastur doirasida 2014-yilda 11 mingta yangi turar joylar barpo etilgani alohida qayd etildi. Bu boradagi ishlarni yanada yuqori pog‘onaga ko‘tarishda mamlakatimiz moliya muassasalarining alohida o‘rni bor. Xususan, “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki bosh reja asosida qishloqlar qiyofasi va aholining uy-joy sharoiti sifatini yaxshilash, qishloq joylarda ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani rivojlantirish, uy-joy qurilishiga uzoq muddatli imtiyozli kreditlar ajratish bo‘yicha samarali faoliyat olib bormoqda. Bugungi kunda bank aholiga keng qulaylik yaratish maqsadida namunaviy uy-joylarni sotib olish uchun boshlang‘ich badalni yig‘ishda yordam beradigan qator omonat turlarini taklif etmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2009-yil 25-maydagi “Tasdiqlangan namunaviy loyihalar bo‘yicha yakka tartibdagi uy-joy qurilishi uchun “Qishloq qurilish bank” aksiyadorlik tijorat banki tomonidan imtiyozli ipoteka krediti berish tartibi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarori bunda dasturilamal bo‘layotir.

– Bankimizda milliy va xorijiy valyutada qirqqa yaqin qulay omonat turi joriy etilgan, – deydi “Qishloq qurilish bank”ning omonatchilar va kreditorlar mablag‘larini monitoring qilish boshqarmasi yetakchi mutaxassisi G‘ayrat Jumaniyozov. – “Xonadon” omonati ulardan biri bo‘lib, milliy valyutadagi bu omonatga namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar uchun mo‘ljallanayotgan loyiha qiymatining 25 foiz miqdorigacha dastlabki badal yig‘ib boriladi va 1-yildan ortiq muddatga qabul qilinadi. Dastlabki qo‘yilgan omonat summasi ustiga qo‘shimcha mablag‘ qo‘yish imkoni ham mavjud.

“Xonadon” omonatining qulayligi shundaki, unga fuqaro o‘z mablag‘ini naqd yoki naqdsiz shaklda, uchinchi jismoniy shaxslar, jumladan, yaqin qarindoshlari tomonidan ularning arizasi asosida, fuqaroning ish beruvchisi tomonidan naqdsiz shaklda, bank ajratgan kreditlar hisobiga, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa shakllarda (homiylik, qarz, moliyaviy yordam kabi) qo‘yishi mumkin. Biroq bankka mazkur turdagi omonatning qabul qilinishi, uy-joy qurib berishga doir buyurtmanoma qabul qilindi degani emas.

“Qurilishga boshlang‘ich badal” omonati qishloq joylarda namunaviy loyihalar asosida qurilayotgan uy-joylar uchun dastlabki badallarni jamg‘arish maqsadida joriy qilingan bo‘lib, omonat va unga hisoblangan foizlar omonatchi talabiga ko‘ra “Qishloq qurilish invest” kompaniyasi hisobraqamiga yoki omonatchining talab qilib olinguncha omonat hisobraqamiga ko‘chiriladi.

“Madad” omonat turi ham namunaviy uy olgan fuqarolar uchun joriy qilingan. Yillik 26 foiz miqdoridan kelib chiqib hisoblanadigan mazkur omonat milliy valyutada, naqd pulda yoki ish haqi va boshqa qonuniy daromadlarni naqd pulsiz kirim qilish orqali qo‘yilishi mumkin. Omonatchi o‘z pul mablag‘larini shartnoma muddati tugagunga qadar shartnomada kelishilgan shartlar asosida omonat asosiy summasini naqd shaklda olishi, boshqa omonat turiga naqdsiz ravishda rasmiylashtirishi yoki uni boshqa bank muassasasiga o‘tkazishi mumkin. Uning yana bir afzalligi foizlar har oyda omonatchining ipoteka krediti hamda foiz to‘lovlariga yo‘naltiriladi.

Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, bankka qo‘yilgan omonatlarning sir tutilishi va meros huquqi qonun bilan kafolatlanishidan tashqari ularning himoyasi ham doimiy e’tiborda. Omonat hisobvaraqlari, depozit sertifikatlari bo‘yicha olinadigan daromad va yutuqlar barcha turdagi soliqlardan ozod qilingan va ularning to‘liq hajmda qaytarilishi davlat tomonidan kafolatlangan. Depozitlar bo‘yicha operatsiyalar bank siri sifatida tasniflanib, unga qat’iy rioya qilinishi ustidan nazorat o‘rnatilgan. Omonatlarga qo‘yilgan mablag‘lar belgilangan muddatlarda omonatchilarning birinchi talabi bilan qaytarib beriladi.

Har bir shaxs oilasini moddiy jihatdan to‘liq ta’minlashni istaydi. Mazkur omonat turlari ham boshqa omonatlar kabi bank tizimiga aholining ishonchini mustahkamlab, ezgu maqsadlarga atab pul mablag‘lari jamg‘arishga ko‘maklashadi. Shakllantirilgan oila byujeti namunaviy loyihalar asosida qurilgan ko‘rkam, qulay va shinam uy-joy xarid qilishda qo‘l kelishi shubhasiz.

 

Sayyora Shoyeva, O‘zA

Manba:www.uza.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Uzum Bank O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun Visa kartalarini rasmiylashtirishni boshladi

30.10.2024

Uzum Bank O‘zbekiston Respublikasining barcha fuqarolari uchun Visa kartalarini rasmiylashtirishni boshladi

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

25.10.2024

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

24.10.2024

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar



Orphus tizimi