Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi Batafsil

O‘zbekiston bank tizimi: Mijozlar ishonchi tobora mustahkamlanmoqda

19.01.2015

Mamlakatimiz iqtisodiyotida ro'y berayotgan yangilanishlar, har bir tarmoqda qo'lga kiritilayotgan yutuqlar, muhimi, aholining turmush farovonligi oshishi zamirida moliya muassasalarining salmoqli hissasi bor. Gap shundaki, banklar tomonidan ko'rsatilayotgan zamonaviy va sifatli xizmatlar, mijozlar uchun imtiyozli shartlar asosida ajratilayotgan mablag'lar ko'plab istiqbolli loyihalarni tezkorlik bilan ro'yobga chiqarish, minglab yangi ish o'rinlarini yaratish imkonini bermoqda.

Darhaqiqat, bugungi kunda “Mijoz bank uchun emas, bank mijoz uchun” tamoyilini o'zi uchun bosh mezon sifatida belgilab olgan banklarimiz xizmat ko'rsatishning barcha yo'nalishlarida zamon talablariga mos faoliyat yuritmoqda. “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazining tadbirkorlik sub'ektlari faoliyati hamda aholi turmushida banklarning o'rni qay darajada ekanligini aniqlashga qaratilgan qator izlanishlari natijalari bunga yaqqol misol bo'la oladi. Chunki aynan ushbu so'rovnomalar asnosida aholi va tadbirkorlar mamlakatimiz bank tizimining yutuq yoki kamchiliklari haqida haqqoniy fikr bildirayaptilar. Shu asosda takliflar ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilayotgani, har bir ijtimoiy so'rovning natijalari matbuot nashrlarida omma e'tiboriga havola qilinayotgani esa bank-moliya tizimida samaradorlikni ta'minlashda muhim omil bo'layotir.

Yaqinda markaz tomonidan navbatdagi yana bir tadqiqot o'tkazildi. “Oilaviy biznesni rivojlantirish va tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashda bank tizimining o'rni hamda hududlarda aholi va ishbilarmonlik muhiti vakillarining bank tizimiga bo'lgan ishonchi haqida jamoatchilik fikri — 2014” mavzuidagi ushbu so'rovnomaga yurtimizning barcha hududlaridan ishbilarmonlar, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari jalb etildi.

Respondentlarni tanlashda tadbirkorlik sohasining barcha yo'nalishlari qamrab olindi, shu jumladan, bu jarayonga kasb-hunar kollejlari bitiruvchilari, tadbirkor ayollar ishtirokiga alohida e'tibor qaratildi. Aniqrog'i, unda tadbirkorlikning “Mikrofirma” yo'nalishida 15,8, “Kichik korxona” turi bo'yicha 22,8, “Yakka tartibdagi tadbirkor” yo'nalishida 26,4 foiz ishtirokchi o'z fikrini bildirgan bo'lsa, “Dehqon xo'jaligi”, “Fermer xo'jaligi”, “Oilaviy tadbirkorlik” yo'nalishlarida qatnashgan respondetlar ko'rsatkichi mos ravishda 6,4, 11,6 va 13,3 foizni tashkil etdi. So'rov natijalariga ko'ra esa, shaharlarda tadbirkorlikning “Mikrofirma” va “Kichik korxona”, qishloq joylarda “Yakka tartibdagi tadbirkorlik” turlari rivojlanganligi, ayollarning 38 foizi yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug'ullansalar, erkaklar orasida kichik korxona sub'ektlari 27,2 foizdan ko'proq ekanligi ayon bo'ldi.

Ko'rinib turibdiki, tadbirkorlarning bank kreditlaridan foydalanish istagi tobora oshib borayotgani aholining bank tizimiga bo'lgan ishonchi yuqoriligidan dalolat beradi. So'rovda ishtirok etganlarning 96,8 foizi kredit olish uchun tijorat banklariga murojaat qilgani buning tasdig'idir.

Bundan tashqari, so'rovlarni o'tkazish jarayonida respublikamizdagi qaysi tijorat banklarining faoliyati e'tirofga loyiqligiga doir savolga ham javob olindi. Ishtirokchilarning fikricha, “Agrobank”, “Milliy bank”, “Ipoteka- bank”, “Asakabank”, “Mikrokreditbank”, “Qishloq qurilish bank”, Xalq banki, “O'zsanoatqurilishbank” va “Aloqabank”larning faoliyati, ayniqsa, diqqatga sazovor. Buxoro, Samarqand, Farg'ona, Qashqadaryo, Andijon va Xorazm viloyatlarida tadbirkorlarning ko'pchiligi ushbu banklar faoliyatiga ijobiy baho bergani bunga misol bo'la oladi.

O'tkazilgan so'rovlarda, shuningdek, “Shu bankning faoliyatiga qanday baho berasiz?” degan savolga olingan javoblarda ijobiy baho 96,8 foizga to'g'ri keldi. E'tiborlisi, bu borada ilgarigi so'rovlarga nisbatan yaxshi baho berayotganlar soni sezilarli darajada ko'paygani oydinlashdi.

Bank faoliyatidan mamnunlikni baholash bo'yicha berilgan savollarga, avvalo, “Bank xodimlari yaqin ko'makdosh” deya javob berilgan bo'lsa, keyingi o'rinlarga “Maslahat berish va muammolarni echishda tezkor yordam ko'rsatiladi”, “Omonatlarni saqlash bo'yicha bajariladigan barcha amallar o'z vaqtida amalga oshiriladi”, “Belgilangan tartibga to'la amal qilinib, qonunbuzilishiga yo'l qo'yilmaydi” kabi javoblar munosib ko'rildi.

So'rovda ishtirok etganlarning 96,8 foizi omonatga pul qo'yishda hal qiluvchi omil sifatida birinchi o'ringa “Bankka bo'lgan ishonch”ni qo'ygan bo'lsa, keyingi o'rinlarda “Yuqori daromadlilik”, “Mablag'larning kafolatlanganligi” kabi javoblar qayd etildi.

Tijorat banklarida kreditlash qoidalarining soddalashtirilganligi, xususan, hisobvaraqlar ochishda to'lov undirish amaliyotining bekor qilinganligi va kreditlar olishda yillik foiz stavkalarining maqbullashtirilganligi haqida o'z fikrini bildirganlar ham ko'pchilik ekanligi e'tiborga molik. Jumladan, so'ralganlarning aksariyati kredit ajratish tartiblarini belgilash bo'yicha yangidan qabul qilinayotgan me'yoriy-huquqiy hujjatlar bilan yaxshi tanish ekanliklarini mamnunlik bilan bayon qilishgan.

Xulosa qilib aytganda, “Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazi tomonidan o'tkazilgan so'rovlar natijasi shuni ko'rsatmoqdaki, uning qatnashchilari mamlakatimiz bank tizimining amaliy yordami tufayli kutilgan muvaffaqiyatlarga erishganliklarini alohida e'tirof etishmoqda. Bu tizimda davlatimiz rahbarining sohani rivojlantirish bo'yicha qabul qilgan Farmon va qarorlari, “Sog'lom bola yili” Davlat dasturi, aholini ish bilan ta'minlash bo'yicha qabul qilingan boshqa hujjatlar ijrosi o'z vaqtida, izchillik bilan, sifatli bajarib kelinayotganligini, aholining banklarga bo'lgan ishonchi yanada ortayotganligini yana bir bor tasdiqlamoqda.

Markazning tadqiqotlari esa kichik biznes sub'ektlari va oilaviy tadbirkorlarni qo'llab-quvvatlashda bank tizimining rolini oshirishga ko'maklashuvchi asosli xulosalarni ishlab chiqishga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o'rganish markazi materiallari asosida tayyorlandi.

 

 Маnba: www.cbu.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

25.10.2024

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

24.10.2024

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi

24.10.2024

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi



Orphus tizimi