O‘zbekiston bank tizimining barqarorligi saqlanmoqda
“Mudis” xalqaro reyting agentligining keyingi 12-18 oy uchun “O‘zbekiston bank tizimining rivojlanish istiqbollari” yangi hisoboti e’lon qilindi. Unga ko‘ra, mazkur nufuzli agentlik ketma-ket ettinchi marta mamlakatimiz bank tizimi rivojlanish istiqbollarini “Barqaror” darajasida qayta tasdiqladi.
Bu iqtisodiyotimizning jadal sur’atlarda taraqqiy etib borayotgani, uning tarmoqlariga katta hajmda investitsiyalar yo‘naltirilayotgani, tijorat banklari uchun barqaror operatsion muhit yaratilganining yana bir amaliy ifodasi, ayni chog‘da yuksak e’tirofidir.
Darhaqiqat, global moliyaviy-iqtisodiy inqirozning salbiy ta’siri hamon sezilib turgan hozirgi murakkab sharoitda O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlik ta’minlanayapti. Iqtisodiyotning etakchi tarmoqlari, ayniqsa, bank tizimida muttasil o‘sish sur’atlari kuzatilmoqda. Binobarin, hozirgi kunda respublikamiz tijorat banklari daromadlilik darajasi bo‘yicha MDH mamlakatlari orasida etakchi o‘rinlardan birini egallab turibdi. “Mudis” agentligining qayd etishicha, ushbu ko‘rsatgich kelgusida ham saqlanib qoladi va bu, o‘z navbatida, iqtisodiyotni kreditlash hamjmini yanada oshirish uchun mustahkam resurs manbai bo‘lib xizmat qiladi. Ta’kidlash joizki, O‘zbekistonda eksport tarkibining diversifikatsiya qilinishi, undan tushgan daromadlar esa investitsiyalarni moliyalashtirishga yo‘naltirilayotganligi iqtisodiyotning yuqori sur’atlarda rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etayapti.
Hisobotda banklar aktivlarining o‘sish dinamikasi hamda sifati ham yuqori baholangan. Mazkur yo‘nalishda kelgusida ham rivojlanish tendensiyalari kuzatilishi prognoz qilinayotganligi diqqatga sazovor.
2016 yilda O‘zbekiston tijorat banklarining umumiy kapitali 25 foiz o‘sishi kutilayotgani buning yorqin dalili sifatida keltiriladi. Shu bilan birga, depozitlar hajmining oshishi hisobiga banklarning likvidlik ko‘rsatkichining yuqoriligi ta’minlanadi.
Agentlik xulosasiga ko‘ra, O‘zbekistonda kredit olishning tartib-taomillari soddalashtirilgani, yillik foiz stavkalari maqbullashtirilgani, eng muhimi, biznes yuritish uchun qulay ishbilarmonlik muhiti yaratilgani tufayli kreditga bo‘lgan talab yuqoriligicha qolmoqda. Shu bois bank tizimi tomonidan 2016 yilda ham iqtisodiy o‘sishni rag‘batlantirishning ichki manbalarini izlab topish, ulardan samarali foydalanish borasida chora-tadbirlar dasturi hayotga tatbiq etilayotgani e’tiborga molikdir.
Bundan tashqari, yangi depozit mahsulotlari ishlab chiqish va joriy etish, omonatlar shartlarini maqbullashtirish, xizmat sifatini yanada oshirish bo‘yicha aniq maqsadli ishlar amalga oshirildi. Buning samarasi o‘laroq, 2015 yil yakunlari bo‘yicha MDH mamlakatlari ichida faqat O‘zbekiston bank tizimi “Mudis” xalqaro reyting agentligining “Barqaror” rivojlanish prognoziga sazovor bo‘ldi.
Jahondagi etakchi xalqaro reyting agentligi tomonidan mamlakatimiz bank tizimi faoliyatiga berilgan yuksak baho omonatchilar va xorijiy sarmoyadorlarning O‘zbekiston banklariga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamlab, xalqaro moliya bozorlaridagi nufuzining bundan-da yuksalishiga asos bo‘lib xizmat qiladi, albatta.
O‘zbekiston bank tizimining barqarorligi saqlanmoqda