U-ENTER innovatsion markazida O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki hamda “Kapitalbank” ATB hamkorligida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy inklyuziya forumi bo‘lib o‘tdi. Tadbir nogironligi bo‘lgan shaxslarning bank xizmatlaridan foydalanish jarayonida duch kelayotgan to‘siqlarini muhokama qilish, shuningdek, moliyaviy mahsulotlar va raqamli servislardan teng foydalanishni ta’minlashga qaratilgan amaliy yechimlarni o‘z ichiga olgan professional muloqot maydoniga aylandi.

Forum ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining Moliyaviy ommaboplik bo‘yicha bosh direktori Dilbar Abduganiyeva hamda Ijtimoiy himoya milliy agentligi qoshidagi Ijtimoiy siyosat laboratoriyasi direktori Xurshid Zafariy murojaat qilishdi. Ular o‘z chiqishlarida moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish masalalarining dolzarbligini ta’kidlab, mijozlar uchun qulay, xavfsiz va teng sharoitlarni yaratish muhimligini qayd etishdi.

Forum bank sektori, xalqaro tashkilotlar va sohaga oid uyushma vakillarini birlashtirdi. Tadbirda O‘zbekiston Nogironlar uyushmasi, xalqaro hamkorlar — BMT’ning Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) va Qishloq xo‘jaligini rivojlantirish xalqaro jamg‘armasi (IFAD), shuningdek, to‘lov tizimlari, tijorat banklari, jumladan, “UZUM Bank” AJ vakillari va boshqalar qatnashdi.

Dastur doirasida soha ekspertlarining tashabbuslari, moliyaviy inklyuziyani rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tajriba hamda Kapitalbank tomonidan bank xizmatlarining qulayligini oshirish bo‘yicha joriy etilgan amaliy yechimlar taqdim etildi.

Xususan, bank UNFPA va “Sharoit Plus” jamoat tashkiloti bilan hamkorlikda amalga oshirayotgan “Teng imkoniyatlar” loyihasi doirasida kompleks yechimlarni izchil rivojlantirmoqda. Loyiha bank bo‘limlarida qulay infratuzilmani shakllantirish, inklyuziv mahsulot va xizmatlarni joriy etish, shuningdek, mijozlar yo‘l xaritasini takomillashtirishni, jumladan ofislarda navigatsiya va hamrohlik, o‘z-o‘ziga xizmat ko‘rsatish qurilmalari, Brayl alifbosidagi bank kartalari hamda surdotarjimon ishtirokidagi videomaslahatlar kabi zamonaviy inklyuziv yechimlarni qamrab olgan.

“Forum shuni ko‘rsatdiki, moliyaviy inklyuziya bir martalik loyiha emas, balki banklar, davlat va jamoat tashkilotlarining birgalikdagi sa’y-harakatlarini talab etadigan tizimli vazifadir. Kapitalbank uchun nafaqat inklyuziya masalalarini ko‘tarish, balki moliyaviy xizmatlarni barcha mijozlar uchun tushunarli, qulay va teng qilishga qaratilgan real yechimlarni joriy etish muhimdir. Bunday muloqot o‘z oldimizga qo‘ygan maqsadlarimizni real hayotga tatbiq etish imkonini beradi”, — deya ta’kidladi “Kapitalbank” ATB Kuzatuv kengashi raisi maslahatchisi, “Teng imkoniyatlar” loyihasi kuratori Oksana Lindina.
“Kapitalbank” mijozlar uchun qulay moliyaviy muhitni rivojlantirishni o‘zining ESG kun tartibi va uzoq muddatli strategik ustuvor yo‘nalishlarining ajralmas qismi deb hisoblaydi. Bu borada bank yangi tashabbuslarni amalga oshirish uchun soha vakillari bilan yaqindan hamkorlik qilib kelmoqda. 2026-yilda Kapitalbank “Teng imkoniyatlar” loyihasini respublika miqyosida kengaytirishni rejalashtirilgan.
O‘zbekiston Markaziy banki va Kapitalbank nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun moliyaviy inklyuziya forumini o‘tkazdi