JET: O'zbekistonda eng manfaatli kredit kartasini qaysi bank taklif qiladi? Batafsil

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Boshqaruvining navbatdagi kengaytirilgan majlisi bo‘lib o‘tdi.

28.03.2018

O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasida bo‘lib o‘tgan majlisda mamlakatimiz bank tizimi xodimlari davlatimiz rahbarining shu yil 23 martdagi “Bank xizmatlari ommabopligini oshirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash masalalari muhokama etildi.

Majlisda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki, O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasi, tijorat banklari, Bosh prokuratura va Prezident devonining mas’ul rahbarlari ishtirok etdi.

Markaziy bank Raisi M.Nurmuratov ushbu qaror bank tizimidagi islohotlar izchilligini ta’minlashga qaratilganiga to‘xtalar ekan, “qarorning har bir bandida va tijorat banklarining “yo‘l xaritalari”da belgilangan chora-tadbirlar banklarning barcha filiallari faoliyatida o‘z aksini topishi va eng asosiysi, bu o‘zgarishlarni xalq va tadbirkorlar amalda ko‘rishi lozim”, deya ta’kidladi.

Ta’kidlandiki, bank tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar natijasida xizmat ko‘rsatishning bozor mexanizmlari joriy qilinmoqda, tadbirkorlik sub’ektlari va aholi keng qatlamiga maqbul keladigan moliyaviy xizmatlar turlari kengayib bormoqda.

Shu bilan birga bank xizmatlari iste’molchilarining qonuniy manfaatlari va huquqlariga rioya qilish, moliyaviy xizmatlar ommabopligini ta’minlash, ayniqsa xizmat ko‘rsatish madaniyatini oshirish va bank tizimga bo‘lgan ishonchni yanada yuqori darajaga olib chiqishda birmuncha muammo va kamchiliklar saqlanib qolmoqda.

Majlisda aholi va tadbirkorlik sub’ektlarining haqli e’tirozlariga sabab bo‘layotgan ushbu nuqsonlar birma-bir sanab o‘tildi.

Aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish, bank xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini himoya qilish mexanizmlarini yanada takomillashtirish va innovatsion rivojlanishning zamonaviy tendensiyalarini e’tiborga olib, shuningdek, 2017-2021 yillarda O‘zbekistonni rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash uchun Markaziy bank tomonidan izchil choralar ko‘rilmoqda.

Majlisda tijorat banklariga ilg‘or xalqaro bank amaliyotini chuqur o‘rganish asosida muntazam ravishda yangi zamonaviy xizmat turlarini joriy etish, hududlarda, ayniqsa chekka tumanlarda aholining bank xizmatlariga bo‘lgan talabidan kelib chiqib, bank filiallari, mini-banklari tarmog‘ini kengaytirib borish, filiallarning mijozlarga kredit ajratish bo‘yicha bosh bankning aralashuvisiz qaror qabul qilish vakolatlarini oshirish tavsiya etildi.

 

Shu bilan birga tijorat banklari:

- banklarga tashrif buyuruvchilar xizmatlar to‘g‘risida ma’lumot olish, maslahat so‘rash, xizmatlardan foydalanish uchun bank binosiga ruxsatnomasiz va shaxsini tasdiqlovchi hujjatni taqdim etmasdan kira olishi uchun sharoit yaratishlari;

- kredit (mikrozayom) arizalarini ochiq ro‘yxatga olish va ularni ko‘rib chiqish jarayonining ketma-ketligini aniq belgilash, natijalari bo‘yicha mijozga kredit (mikrozayom) ajratish yoki ajratmaslik to‘g‘risida asoslantiruvchi ma’lumot yuborish tartibini tasdiqlashlari;

- kredit ajratishda mijozlarga “kreditning to‘liq qiymati”, kredit berish va unga xizmat ko‘rsatish (qaytarish) bilan bog‘liq bo‘lgan barcha to‘lovlar to‘g‘risida oldindan to‘liq tushuntirish berish tizimini yo‘lga qo‘yishlari;

- ko‘rsatilayotgan barcha xizmat turlari bo‘yicha belgilangan tariflar banklarning veb-saytida joylashtirilishi, shuningdek shartnomalarda tegishli xizmatlar bo‘yicha belgilangan haqlar aniq ko‘rsatilib borilishi;

- mikroqarz ajratish huquqini berish bo‘yicha qonunga kiritiladigan o‘zgartirishlar kuchga kirishi bilan banklar mijozlarga kamida 3 ta mikroqarz turini taklif etishga tayyor bo‘lishi;

- kreditlashning qisqa muddatli, ekspress mexanizmlarini yo‘lga qo‘yishlari zarurligi qayd etildi.

Bundan tashqari, qaror talablari asosida O‘zbekiston banklari Assotsiatsiyasiga banklar faoliyatini takomillashtirish va bank xizmatlarining ommabopligini oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirish vazifasi yuklandi.

Ushbu kompleks chora-tadbirlarni ishlab chiqish va amalga oshirishda tijorat banklari ham faol ishtirok etishi talab etildi.

Majlisda tranzaksiyalarni amalga oshirishning xavfsiz va uzluksizligini ta’minlaydigan milliy chakana to‘lov tizimini yaratish va rivojlantirish, ijtimoiy-maishiy, transport, savdo, umumiy ovqatlanish sohasida naqdsiz to‘lovlarni amalga oshirishda bevosita muloqotsiz va mobil texnologiyalardan foydalangan holda innovatsion mahsulotlarni rivojlantirish choralari ko‘rib borilishi qayd etildi.

Joriy yilning 1 noyabriga qadar tijorat banklari bilan birgalikda uzluksiz rejimda ishlaydigan avtomatlashtirilgan valyuta almashtirish punktlarini tashkil etish choralari belgilab olindi.

Bundan tashqari, tijorat banklari rahbarlariga tijorat banklarining kassa va valyuta almashtirish bilan bog‘liq faoliyatini optimillashtirish choralarini ko‘rish tavsiya etildi.

Qaror talablaridan kelib chiqib, kredit tashkilotlarining har bir filialida muomala madaniyati, mijozlarga bo‘ladigan munosabatlar o‘zgarishi, bank xodimlarining aholi va tadbirkorlarga moliyaviy maslahatchi-ko‘makchi bo‘lish, davr talabiga mos zamonaviy chakana xizmat turlarini joriy qilish, kredit munosabatlarini tubdan qayta ko‘rib chiqishi lozimligi ta’kidlandi.

Shuningdek, majlisda bank tizimi faoliyatini yanada takomillashtirish, iqtisodiy islohotlarni chuqurlashtirish borasida bank tizimiga yuklatilgan vazifalarning o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ijro etilishi tanqidiy tahlil qilinib, yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni zudlik bilan bartaraf etishga qaratilgan zarur choralar belgilab olindi.


Manba: cbu.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Jamoangizga Push30 bilan investitsiya qiling

24.12.2024

Jamoangizga Push30 bilan investitsiya qiling

Uzum Bank va Visa plastik debet kartalarni ishga tushirdi

19.12.2024

Uzum Bank va Visa plastik debet kartalarni ishga tushirdi

Biznesingiz uchun ishonchli moliyaviy yordam qidiryapsizmi?

12.12.2024

Biznesingiz uchun ishonchli moliyaviy yordam qidiryapsizmi?



Orphus tizimi