2019 yil 26 yanvar kuni Markaziy bank Boshqaruvi qayta moliyalash stavkasini yillik 16 foiz darajasida o‘zgarishsiz qoldirish to‘g‘risida qaror qabul qildi.
Mazkur qaror pul-kredit siyosatining inflyatsiyani jilovlashga qaratilgan yo‘nalishini saqlab qolish, real foiz stavkalari ijobiyligini ta’minlash va inflyatsion kutilmalarni pasaytirish maqsadlariga asoslangan.
Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2018 yil yakunlari bo‘yicha inflyatsiya darajasi yillik hisobda 14,3 foizni tashkil etdi. Bunda, 2018 yilning dekabr oyida narxlarning oylik o‘sishi o‘tgan yilning mos davriga (4,1 foiz) nisbatan pasayib 2,1 foizni tashkil etdi.
Shuningdek, 2018 yilning II–IV choraklari davomida choraklik inflyatsiya darajasini 2017 yilning mos davriga nisbatan pasayishi kuzatildi.
Ayni paytda, IV chorakda ichki talabning yuqori bo‘lishi, tartibga solinadigan narxlarning oshishi va almashuv kursi dinamikasi kabi ham talab ham xarajat omillari ta’sirida iqtisodiyotda yuqori inflyatsion bosim saqlanib qoldi.
2018 yil sentabr oyida qayta moliyalash stavkasining oshirilishi bilan bir qatorda prudensial nazorat choralarining kuchaytirilishi kreditlashning narxga bog‘liq hamda narxga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarini qat’iylashtirish va yakunda kreditlar o‘sish sur’atini maqbullashtirish imkonini berdi.
Meva va sabzavotlarini saqlash infratuzilmasi yaxshilanishi hisobiga ularning narxlaridagi mavsumiy tebranishlar nisbatan past bo‘lganligi hamda hukumat tomonidan bozorlarni asosiy iste’mol mahsulotlari bilan to‘ldirish bo‘yicha ko‘rilgan choralar, oziq-ovqat tovarlari inflyatsiyasini keskin o‘sishining oldini olishga yordam berdi.
Noyabr oyida energiya resurslar narxlari oshirilishining 2018 yilgi inflyatsiya darajasiga ikkilamchi ta’siri prognoz qilingan ko‘rsatkichlardan past darajada bo‘ldi. Bu, o‘z navbatida, 2019 yilda ishlab chiqarish xarajatlarining oshishi hisobiga inflyatsiyani tezlashishiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin.
Shuningdek, 2019 yilning yanvar oyidan narxlarning soliq tizimidagi o‘zgarishlarga (asosan QQS bazasining kengaytirilishi) oldindan moslashishishi amalga oshmadi, bu biznes vakillarida soliq tizimidagi o‘zgarishlar ularning moliyaviy faoliyati va ishlab chiqarish harajatlariga ta’siri xususida noaniqliklar saqlanib turganligi bilan izohlanadi.
Natijada, yillik inflyatsiya darajasi (14,3 foiz) sentabr oyidagi prognoz ko‘rsatkichga (16-17 foiz) nisbatan past bo‘ldi.
2018 yilning oktabr-noyabr oylarida aholi va biznes vakillarining qisqa va o‘rta muddatli inflyatsion kutilmalari tartibga solinadigan narxlar o‘sishi sharoitida oshib bordi. Dekabr oyida respondentlar tomonidan yangi yil bayramidan so‘ng savdo faolligining susayishi taxmin qilinganligi qisqa muddatli kutilmalarni tushishiga sabab bo‘ldi.
O‘rta muddatli inflyatsion kutilmalarda ham biroz pasayish kuzatilgan bo‘lsada, noyabr oyidagi energiya resurslarning qimmatlashishi hisobiga inflyatsion kutilmalar yuqori darajada saqlanib qoldi.
Iqtisodiy faollikning ichki va tashqi sharoitlari. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 2018 yilda iqtisodiyotning real o‘sish sur’ati 5,1 foizni tashkil etdi.
2018 yilning IV choragida investitsion, ishlab chiqarish va iste’mol faolligi uchun qulay ichki sharoitlar saqlanib qolindi.
Mazkur davrda kreditlashning o‘sish sur’atlari sekinlashgan bo‘lsada, ular o‘tgan davrlardagi kabi iqtisodiyotning kredit mablag‘larini o‘zlashtirish salohiyatidan yuqori bo‘ldi.
Kreditlash sur’atlarini o‘sishi bilan bir qatorda ish haqi miqdorini oshirilishi va davlat xarajatlarini yuqoriroq hajmlarda bo‘lishi yalpi ichki talabni rag‘batlantiruvchi omillar bo‘ldi.
2018 yilning IV choragida yalpi taklifning ishlab chiqarish faoliyati bilan bog‘liq omillarida keskin o‘zgarishlar ta’siri kuzatilmadi. Ayni paytda, iqtisodiyotning ishlab chiqarish salohiyati, oshib boruvchi talabni to‘liq qondirish uchun yetarli bo‘lmaganligi sababli, ichki talabning ma’lum qismi import hisobiga qoplandi.
Bunday vaziyat iqtisodiyotda to‘lov balansi holati yomonlashishi hamda inflyatsion va devalvatsion bosim ortishining oldini olish maqsadida pul-kredit va soliq-byudjet siyosati choralari orqali yalpi talab muvozanatini ta’minlash zarurligini ko‘rsatmoqda.
Ushbu holat, shuningdek, mamlakat iqtisodiyoti rivojlanishining joriy bosqichida monetar va fiskal choralarning iqtisodiy o‘sishni qo‘llab-quvvatlashdagi rolini cheklanganligini tasdiqlamoqda.
Iqtisodiyotning mustahkam sur’atlarda o‘sishi va uning raqobatbardoshligini ta’minlash vazifalari ishlab chiqarish omillari samaradorligini oshirishga asoslangan rivojlanish modeliga tayanishi lozim. O‘z navbatida, ishlab chiqarish unumdorligini oshirish infratuzilmani rivojlantirish hamda iqtisodiyotning alohida tarmoqlarida olib borilayotgan tarkibiy islohotlarga bog‘liq.
IV chorakda tashqi iqtisodiy sharoitlar nisbatan barqaror hususiyatga ega bo‘lib ichki iqtisodiy vaziyatga sezilarli bosim ko‘rsatmadi. Almashuv kursining nisbatan barqaror bo‘lishi 2018 yilning o‘tgan choraklaridagi tashqi sharoitlar yomonlashuvining sal’biy ta’sirini yumshatishga yordam berdi. Bunda, IV chorak yakunlari bo‘yicha so‘mning o‘rtacha real effektiv almashuv kursi avgust oyiga (asosiy savdo hamkor davlatlar valyutalarining keskin qadrsizlanishi kuzatilgan davr) nisbatan 2,2 foizga qadrsizlandi.
Pul-kredit sharoitlari. 2018 yil sentabr oyi oxirida qayta moliyalash stavkasini oshirish bo‘yicha qabul qilingan qaror natijasida IV chorak davomida pul bozoridagi, shuningdek depozit va kredit operatsiyalari bo‘yicha foiz stavkalarida mos ravishdagi o‘sish kuzatildi.
Xususan, 2018 yil dekabr oyida banklararo depozitlar bo‘yicha o‘rtacha tortilgan foiz stavkasi III chorak bilan solishtirganda 2,9 foiz bandga oshib, 14,2 foizni tashkil qildi.
Likvidlikni jalb qilish bo‘yicha yangi instrumentlarning joriy qilinishi hamda davlat qimmatli qog‘ozlarini muomalaga chiqarilishi pul-kredit siyosatining qat’iylashtirilishida operatsion ko‘mak berdi.
IV chorakda kreditlash hajmining o‘sish sur’atlari o‘tgan choraklarga nisbatan sekinlashdi.
Muddatli depozitlar o‘sish sur’ati 2018 yil avgust oyidagi sekinlashish va sentabr oyidagi pasayishdan so‘ng, IV chorakka kelib yana tiklandi.
Iqtisodiyotdagi ijobiy real foiz stavkalar, milliy valyutadagi depozitlar bo‘yicha nisbatan yuqori daromadlilik darajasi va majburiy rezervlash tartibining yangi mexanizmiga o‘tilishi xorijiy valyutadagi depozitlarning jami depozitlar hajmidagi ulushini 36 foizdan 30 foizgacha ya’ni 6 foiz bandga pasayishiga xizmat qildi.
Markaziy bank turli omillar ta’sirida pul-kredit sharoitlarining amaldagi va kutilayotgan o‘zgarishlarini kuzatib borishda davom etadi hamda yuzaga kelayotgan inflyatsion xatarlarni inobatga olgan holda tegishli choralar ko‘radi.
Prognozlar va asosiy xatarlar. Markaziy bank 2019 yil uchun inflyatsiyaning bazaviy prognozini 13,5-15,5% darajasida saqlab qoldi. Prognozlarga ko‘ra yillik inflyatsiya darajasi fevral-mart oylarida o‘zining eng yuqori darajasiga yetganidan so‘ng pasaya boshlaydi, biroq iyun oyida elektr energiyasi va tabiiy gaz tariflarining navbatdagi oshirilishi inflyatsiya pasayishi sur’atini sekinlashtirishi mumkin.
2019 yilda inflyatsiya sur’ati tezlashishining asosiy xatarlari iqtisodiyotda yuqori inflyatsion kutilmalarning saqlanib qolishi, QQS bo‘yicha yangi to‘lov mexanizmining joriy etilishi hisobiga alohida tovar va xizmatlar narxlarining o‘sishi, shuningdek energiya resurslari narxlari oshirilishining ikkilamchi ta’siri ko‘lamining kengayish ehtimolining mavjudligi bilan bog‘liq.
Pul-kredit siyosatining amaldagi yo‘nalishining saqlab qolinishi, kreditlar bo‘yicha imtiyozlar berishning yangi mexanizmini samarali joriy etilishi, byudjet xarajatlari va defitsitining belgilangan parametrlar doirasida bo‘lishi, shuningdek soliq islohotlarining muvaffaqiyatli tadbiq etilishi inflyatsion jarayonlarni sekinlashishiga yordam beradi. Markaziy bank mazkur shart-sharoitlarning to‘laqonli amalga oshishi ta’minlanganda 2019 yilning birinchi yarim yilligi yakunlari bo‘yicha inflyatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Markaziy bank Boshqaruvining qayta moliyalash stavkasini ko‘rib chiqish bo‘yicha navbatdagi yig‘ilishi 2019 yilning 20 apreliga rejalashtirilgan.
Manba: www.cbu.uz
Qayta moliyalash stavkasi o'zgarishsiz qoldirildi