Poytaxtimizdagi «Ko‘rgazma savdo markazi» majmuasida ish boshlagan «BankExpo-2018» – moliya-bank xizmatlari, uskunalari va texnologiyalari milliy ko‘rgazmasi qizg‘in davom etmoqda. Mazkur ko‘rgazma doirasida «Qishloq qurilish bank» aksiyadorlik-tijorat banki tomonidan aholi va tadbirkorlik sub’ektlariga zamonaviy bank xizmatlari taklif etilmoqda.
Muxbirimizga «Qishloq qurilish bank» ATBning Konversion operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Elyor Sharipov bankning ko‘rgazmadagi ishtiroki va muassasa faoliyatidagi istiqbolli yo‘nalishlar xususida quyidagilarni so‘zlab berdi.
– Tatbiq etilgan yangiliklardan biri – bank tizimida xalqaro pul o‘tkazmalari uchun mablag‘lar mijozlardan milliy valyuta – so‘mda qabul qilinib, chet elga jo‘natilishi yo‘lga qo‘yildi, – deydi E.Sharipov. – Yuborilgan pul mablag‘larini xorijda qabul qilib oluvchi fuqaro o‘sha davlat pul birligida yoki AQSh dollari, yevroda olishlari mumkin. Bunda xorijiy valyuta fuqaroning xohishiga ko‘ra tanlanadi.
Bundan tashqari, «Qishloq qurilish bank» ATB mijozlari o‘zlariga tegishli so‘m plastik kartochkalaridagi mablag‘lari hisobidan ham xorijga pul jo‘natmalarini amalga oshirishlari mumkin. Bu amaliyot sanoqli daqiqalar ichida, tezkor va sifatli bajariladi.
Bank tomonidan bugungi ko‘rgazmada mijozlar uchun yanada ko‘proq qulayliklar yaratish maqsadida Android platformasi asosida ishlaydigan mobil qurilmalar uchun joriy etilgan «QQB-mobile» mobil ilovasi ham keng namoyish etilmoqda. Mazkur ilova hozirda tobora ommalashib bormoqda. Ushbu zamonaviy dasturdan foydalanib mijozlar uyali aloqa operatorlari, shahar telefoni, internet provayderlar, raqamli televideniye xizmatlari, iste’mol va ipoteka kreditlari uchun to‘lovlarni hamda kommunal to‘lovlarni (elektrenergiya, tabiiy gaz, issiqlik manbai, ichimlik suvi, maxsustrans va h.k.) amalga oshirib kelmoqdalar.
Shu bilan birga, mobil ilova orqali hisob raqamlar holatini ko‘rish va to‘ldirish, Online Smart Vista plastik karta qoldiqlari va uning aylanmalari bo‘yicha ma’lumotlarni olish, Toshkent shahar Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi jarima to‘lovlarini amalga oshirish mumkin. MUNIS to‘lov tizimi orqali mijozlar «QQB-mobile» ilovasi yordamida «Qishloq qurilish bank» ATB plastik kartasidan mablag‘larni boshqa bank plastik kartasiga o‘tkazishlari mumkin.
«Qishloq qurilish bank» ATB tomonidan ko‘rsatiladigan masofaviy xizmatlar ko‘lami kengayib bormoqda. Xususan, joriy yilning 1 aprelidan boshlab bankning so‘m plastik kartochkalariga ega mijozlari o‘zlarining VISA xalqaro to‘lov kartochkalariga chet el valyutasini onlayn rejimida konversiya qilish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Buning uchun bankning «QQB-mobile» mobil ilovasini yuklagan holda plastik kartochkani ro‘yxatdan o‘tkazish lozim bo‘ladi.
«BankExpo-2018» milliy ko‘rgazmasi davomida bank tomonidan tadbirkorlar uchun joriy etilgan «Xush kelibsiz» tarifining taqdimoti ham o‘tkazildi. Bankda hisob raqam ochgan yuridik shaxslar va yakka tartibdagi tadbirkorlar «Xush kelibsiz» tarifiga muvofiq 3 oy muddatga hisob raqamidagi pul aylanmasidan imtiyozga ega bo‘lishadi. Tadbirkorlarning faoliyatiga qarab imtiyozlar yanada kengaytirilishi mumkin.
Shuningdek, «Qishloq qurilish bank» ATB eksport qiluvchi korxonalarga qulaylik yaratish maqsadida xorijiy valyutada eksportdan tushgan mablag‘larini o‘z hisobraqamlaridan naqd olishlari uchun to‘lovni 70 foizga kamaytirdi. Natijada xizmat ko‘rsatish narxi 0,3 foizni tashkil etadi.
Shu o‘rinda ma’lumot uchun qayd etish joizki, 2018 yilning 1 aprel holatiga ko‘ra, «Qishloq qurilish bank» ATB tizimida 42 ta filial, 41 ta mini-bank va 235 ta shoxobcha faoliyat yuritmoqda. Bank tuzilmalari orqali 682 mingdan ortiq yuridik va jismoniy shaxslar maqomidagi mijozlarga keng ko‘lamli bank xizmatlari ko‘rsatib kelinmoqda.
Aholini tadbirkorlik faoliyatiga keng jalb qilish, shu orqali bank mijozlari sonini oshirish hamda yangi ish o‘rinlari tashkil qilish maqsadida kichik biznes sub’ektlarini moliyaviy qo‘llab quvvatlash maqsadida ajratilgan kreditlar 332,9 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarining tadbirkorlik faoliyatlarini tashkil etish, ularning o‘z bizneslarini yo‘lga qo‘yishlari hamda tadbirkorlik faoliyati bilan bog‘liq loyihalarini moliyalashtirish uchun kasb-hunar kollej bitiruvchilariga 0,5 mlrd. so‘m miqdorida imtiyozli mikrokreditlar ajratildi.
Xotin-qizlar hamda yoshlarni ma’naviy qo‘llab-quvvatlash maqsadida tadbirkor ayollar rahbarlik qilayotgan xo‘jalik sub’ektlariga 25,9 mlrd. so‘m miqdorida kreditlar ajratildi.
2017 yil I chorak yakuni bo‘yicha bankning sof aktivlari 6860,3 mlrd. so‘mni, bank jami kapitali esa 1179,6 mlrd. so‘mni tashkil etdi.
Ko‘rgazma doirasida ishtirokchilarga bank tomonidan ko‘rsatilayotgan keng ko‘lamli xizmatlar haqida ma’lumotlar taqdim etmoqdamiz. Bundan tashqari, qator mijozlar bilan ularning biznes loyihalarini moliyalashtirish bo‘yicha kelishuvlarga erishilmoqda, deya so‘zini yakunlaydi «Qishloq qurilish bank» ATBning Konversion operatsiyalar bo‘limi boshlig‘i Elyor Sharipov.
«Qishloq qurilish bank»ning zamonaviy bank xizmatlari «BankExpo-2018»da namoyish etilmoqda