Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi Batafsil

S&P O‘zbekiston bank tizimi barqarorligini qayd etmoqda

23.06.2014

Markaziy bank va Standard & Poor’s xalqaro reyting agentligi hamkorligida tijorat banklarining xalqaro reyting olish masalalariga bag'ishlangan navbatdagi yillik seminar tashkil etildi.

Seminarda Markaziy bank va tijorat banklarining uch yuzdan ortiq rahbar va mas'ul xodimlari ishtirok etdi.

Mazkur tadbir O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2010 yil 26 noyabrdagi “2011-2015 yillarda respublika moliya-bank tizimini yanada isloh qilish va barqarorligini oshirish hamda yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichlariga erishishning ustuvor yo'nalishlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalarni, shu jumladan tijorat banklarining xalqaro moliya bozorlarida ishtirok etishini kengaytirish hisobiga ularning investitsiyaviy imkoniyatlarini oshirish, banklarning yuqori xalqaro reyting ko'rsatkichilariga erishishi va O'zbekiston bank amaliyotiga tijorat banklari faoliyatini baholash va tahlil qilish borasidagi xalqaro standartlarni joriy qilish kabi vazifalarni bajarish bo'yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida tashkil etildi.

Seminar davomida Standard & Poor’s agentligi ekspertlari tomonidan tijorat banklari kapitalini tahlil qilish, tizimli va suveren kredit risklarni boshqarishni baholash masalalari bo'yicha taqdimotlar o'tkazildi. Bundan tashqari, agentlik ekspertlari O'zbekiston iqtisodiyotining rivojlanishidagi bank tizimining roliga baho berib, banklar tomonidan iqtisodiyotning real sektorini kreditlash hajmining kengayishi mamlakat yalpi ichki mahsulotining yuqori sur'atlarda o'sishini qo'llab-quvvatlayotganini qayd etdilar.

Banklarning barqaror mavqei bank tizimiga bo'lgan ishonchning mustahkamlanishi hamda xo'jalik yurituvchi sub'ektlar va aholi bo'sh mablag'larining bank depozitlariga jalb qilinishining kengayishiga mustahkam asos bo'lib xizmat qilmoqda. Jumladan, so'nggi uch yil davomida banklardagi depozitlar umumiy hajmi 2,2 barobar oshdi. 2013 yilda xo'jalik sub'ektlari va aholining banklardagi depozitlari hajmi 30,2 foiz va shunga mos ravishda banklarning aktivlari 30 foiz o'sdi.

Bank nazorati va banklar faoliyatini tartibga solishning samarali yo'lga qo'yilishi natijasida, respublika bank tizimi ko'rsatkichlari yuqori darajada, shu jumladan bir qator me'yorlar bo'yicha xalqaro standartlar talablaridan yuqori bo'lishi ta'minlanmoqda.

Bank tizimi moliyaviy barqarorligini mustahkamlash borasida amalga oshirilgan aniq maqsadli chora-tadbirlar so'nggi uch yilda banklar jami kapitalini 2 barobar oshishi imkonini berdi. Birgina 2013 yilda bank tizimi jami kapitali 25,1 foiz o'sishi ta'minlandi.

Bank tizimi kapitali etarliligi darajasi 24,3 foizni tashkil etmoqda va mazkur ko'rsatkich umumqabul qilingan xalqaro standartlardan (8 foiz) uch barobar ko'pdir. Shu bilan birga 2015 yilgacha bank tizimi jami kapitalini yiliga eng kamida 20 foizga oshirib borish rejalashtirilgan.

Bank tizimining joriy likvidlik darajasi 65,5 foizni tashkil etib, bu ko'rsatkich xalqaro talablardan ikki barobar yuqoridir.

Amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar natijasida, bugungi kun xolatiga, mamlakatimizning barcha tijorat banklari etakchi xalqaro reyting agentliklari – Standard & Poor’s, Fitch Ratings va Moody’s agentliklarining ijobiy reyting bahosiga egalar. Bu esa mamlakatimiz bank tizimining barqarorligini yana bir karra tasdiqlamoqda.

Seminar davomida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalar tijorat banklari faoliyatini xalqaro reyting agentliklari standartlari asosida baholash tizimini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi hamda bank faoliyatini xalqaro tajribalarga mos ravishda yuqori darajada tashkil etishga sharoit yaratadi.

 Manba: cbu.uz

BRB
O'xshash yangiliklar
Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

25.10.2024

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

24.10.2024

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi

24.10.2024

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi



Orphus tizimi