Bugun moliya bozoriga biri-biridan jozibador bank xizmatlari kirib kelmoqda. Mijozlar uchun esa nafaqat sifat va maqbul shartlar, balki qulaylik ham juda muhim! Zero, odamlar kichik bir bank amaliyoti uchun ham falon kilometr yo‘l bosib, ko‘p vaqt yo‘qotishni istamaydi. Aksincha, o‘z uy manzili yoki ish joyiga yaqinroq moliya muassasasini tanlaydi-qo‘yadi.
Shu sababli Xalq banki o‘z mahsulot va xizmatlarini xalqqa yanada yaqinlashtirish, aholi orasiga kengroq kirib borish harakatida. Joylarda tashkil etilayotgan “Bank xizmatlari markazlari” esa ushbu maqsadlar ro‘yobiga xizmat qilyapti.
Mana, bugun poytaxtimizning bir yo‘la besh manzilida ana shunday zamonaviy markazlar ish boshladi. Ulardan 2 tasi Mirobod, 2 tasi Shayxontohur va bittasi Yashnobod tumanlarida foydalanishga topshirildi.
— “Bank xizmatlari markazlari”da deyarli barcha turdagi bank xizmatlari ko‘rsatiladi, — deydi Xalq bankining Toshkent shahar filali boshqaruvchisi o‘rinbosari Nodirbek Dusmatov. — Ulardan ham yuridik, ham jismoniy shaxslar foydalanishlari mumkin. Jumladan, mikroqarz, overdraft va boshqa kreditlarni rasmiylashtirish, plastik karta ochish kabi amaliyotlar tez va oson bajariladi. Qolaversa, bu manzillarga 24/7 rejimida ishlovchi zamonaviy bankomatlar o‘rnatilgan. Interaktiv mobil bank xizmatlaridan bahramand imkoniyati ham mavjud.
“Bank xizmatlari markazlari” ochilishi tadbirlarida mijozlarning so‘zlariga ham quloq tutdik.
— Shayxontohur tumanining Labzak mahallasida yashayman, — deydi Hafiza Sobirjonova. — Ish joyim ham shu yerda — mahalla fuqarolar yig‘inida. Ochig‘i, bugun juda xursandman. Chunki bank yonginamizga keldi. Endi uzog‘imiz yaqin, mushkulimiz oson bo‘ladi. Qolaversa, mahallamizga o‘z biznesini yo‘lga qo‘yish, biror foydali yumush bilan mashg‘ul bo‘lish yoki oilaviy va maishiy sharoitlarini yaxshilash istagidagi fuqarolar murojaat bilan kelishadi. O‘ylaymanki, Xalq banki ana shunday murojaatlar yechimida ham bizga ko‘makdosh bo‘ladi.
Bank Axborot xizmati
Toshkent shahrining yana besh manzilida “Bank xizmatlari markazlari” ish boshladi