2025-yil 26 iyun kuni U-Enter markazida «Key Tech: AI banklarda va fintexda» nomli birinchi xalqaro konferensiya o‘tkaziladi. Konferensiya sun’iy intellektning O‘zbekiston moliyaviy sektorini transformatsiya qilishdagi rolini muhokama etish uchun asosiy platforma bo‘lishi kutilmoqda.
Sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirish O‘zbekiston uchun strategik ustuvor yo‘nalishlardan biridir. Prezident Shavkat Mirziyoyev farmoniga binoan, 2030 yilgacha bo‘lgan AI rivojlanish strategiyasi amalga oshirilmoqda. U raqamli iqtisodiyotni raqobatbardosh qilish va AI dasturiy ta’minoti hamda raqamli xizmatlari hajmini 1,5 mlrd AQSh dollariga yetkazishni maqsad qiladi. Jahon bozorida generativ AI joriy etishdan kutilayotgan iqtisodiy ta’sir 2030 yilga kelib 350–600 mlrd dollarga teng bo‘lishi mumkin, va prognozlarga ko‘ra, bu summaning taxminan 20 %ini bank sohasi ta’minlaydi.
Konferensiya O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirligi, IT Park Uzbekistan, AICA (Markaziy Osiyo Sun’iy Intellekt Assotsiatsiyasi), O‘zbekiston Banklar Assotsiatsiyasi, FinTech Assotsiatsiyasi va Markaziy Osiyo FinTech Assotsiatsiyasi ko‘magida o‘tkaziladi. Texnologik hamkorlar: global bulut va AI yechimlari bo‘yicha Huawei, hamda raqamli infratuzilma bo‘yicha Sarkor.
Key Tech dasturida quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha muhokamalar rejalashtirilgan:
• AI ta’sirida kreditlash, skoring va risklarni boshqarishni transformatsiya qilish;
• AI yordamida moliyaviy firibgarlikka qarshi kurashishning zamonaviy strategiyalari;
• Chat-botlar, NLP va shaxsiylashtirish kabi intellektual texnologiyalar orqali moliya sektorida mijozlarga xizmat ko‘rsatishni rivojlantirish;
• AI yordamida KYC/AML komplaens jarayonlarini optimallashtirish va avtomatlashtirish;
• Nutq texnologiyalari va ovozli botlar;
• Videokuzatuv va bulutli saqlash tizimlari;
• Moliya sohasida AI yechimlarni joriy etish bo‘yicha amaliy keýslar tahlili va samarali strategiyalar.
Konferensiya O‘zbekistonning moliyaviy va texnologik soha yetakchilarini sun’iy intellektni joriy etish istiqbollarini muhokama qilish uchun bir maydonga to‘playdi. Tajriba va amaliy keýslarini Alif, Payme, Zood, Tenge Bank, TBC Bank, Avo Bank, Yandex Cloud, Huawei, Sarkor hamda boshqa sanoat liderlari namoyish etadi.
Tadbirning hedlaynerlari — bozorning nufuzli yetakchilari. Spikerlar safida: Olimjon Umarov — O‘zbekiston Raqamli texnologiyalar vazirining birinchi o‘rinbosari; Nuriddin Lafizov — CEO, Alif Uzbekistan; Jahongir Usmonov — CEO, Zood Pay; Stas Skvirskiy — CEO, Payme; Aleksandr Piletskiy — ML & AI, Yandex Cloud; Vasiliy Sereda — CEO, Sarkor; Archil Dzodzuashvili — CEO, Wings AI va boshqalar.
«Bizning maqsadimiz — bank sektori vakillari va AI sohasidagi ekspertlarni birlashtirib, innovatsiyalarni rag‘batlantirish va AI yechimlarini O‘zbekiston moliyaviy industriyasida amaliy joriy etishga ko‘maklashishdir. Biz biznes va texnologiya ishlab chiquvchilari o‘rtasida samarali muloqot maydonini yaratib, ilg‘or yechimlarni izlash va tatbiq etishni qo‘llab-quvvatlashni istaymiz. Key Tech konferensiyasi mamlakat moliyaviy sektorini modernizatsiya qilish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi kerak», — dedi Khisam Communications bosh direktori, bank va fintex uchun marketing kommunikatsiyalari bo‘yicha ekspert Taufik Hisamov.
Konferensiyada ishtirok etishga bank va fintex-kompaniyalar rahbarlari hamda mutaxassislari — CTO, CIO, CDO, CDTO, CISO, shuningdek, AI tizimlari ishlab chiquvchilari, investorlar va davlat idoralari vakillari taklif etiladi. Tadbir professional muloqot va biznes aloqalarini mustahkamlash imkonini beradi. Ishtirok etish uchun ariza to‘ldirish talab etiladi.
Tadbir tashkilotchisi — Khisam Communications kommunikatsiya agentligi.
Konferensiyaning ijtimoiy tarmoqlari:
LinkedIn: Key Tech Summit
Telegram: Digital Uzbekistan
Toshkentda Key Tech konferensiyasi bo‘lib o‘tadi: banklar va fintexda moliyaviy texnologiyalar va AI kelajagi haqida