Valyuta nima va u qanday ishlatiladi?
Valyuta - davlatning pul birligi bo‘lib, pul tizimining asosiy elementi hisoblanadi. U muomaladagi qonuniy to‘lov vositasi bo‘lib, tovarlar qiymatining o‘lchovi, hisoblash va to‘lash vositasi bo‘lib xizmat qiladi.
Har bir mamlakat o‘z milliy valyutasiga ega. Ayni paytda yer yuzida 250 dan ziyod davlat bor. Ulardan 195 tasi mustaqil mamlakatlar, qolganlari esa noaniq yoki maxsus maqomga ega. Dunyoda 160 ga yaqin valyuta mavjud.
Valyuta konversiyasi - bir mamlakat valyutasini boshqa davlat valyutasiga ayirboshlashdir. Ushbu ayirboshlash boshqa mamlakatlarga sayohat qilish, xorijiy firma va kompaniyalar bilan savdo-sotiq qilish va xorijiy onlayn-do‘konlardan tovarlar sotib olish imkonini beradi.
Valyuta ayirboshlash to‘lovlarni jo‘natuvchi va qabul qiluvchi banklarning kursida amalga oshiriladi. Ayirboshlash uchun komissiya olinishi mumkin. Chet el valyutasida to‘lovni amalga oshirishdan oldin, ayirboshlash kursi hamda komission to‘lovlarga aniqlik kiriting.
Emitentga qarab (valyutani muomalaga chiqaruvchi):
-
Milliy valyuta - muayyan davlatning valyutasidir (so‘m, dollar, yevro, rubl' va boshqalar). Mazkur davlat hududida foydalanish maqsadida Markaziy bank tomonidan muomalaga chiqariladi;
-
Xorijiy valyuta – xorijiy davlatlarda muomalada bo‘lgan va qonuniy to‘lov vositasi hisoblangan valyutalar, shuningdek, kreditlash va to‘lovlarni amalga oshirish vositalari (banknotalar, g‘azna biletlari, tangalar, cheklar, veksellar);
-
Jamoaviy valyuta - bu ma'lum bir davlatlar guruhi va xalqaro tashkilotlar tomonidan moliyaviy amaliyotlarni amalga oshirish uchun foydalaniladigan valyutadir. Masalan, 1999 yilning 1 yanvarida Yevropa Ittifoqi (EI) davlatlari yagona valyuta – Yevroni naqdsiz shaklda, 2002 yilning 1 yanvaridan esa banknotalar va tangalar ko‘rinishida muomalaga kiritdilar.
Qanday turdagi konvertatsiya mavjud:
-
Erkin konvertatsiya bo‘ladigan – boshqa valyutalarga almashtirish jarayonida hech qanday cheklovlar mavjud bo‘lmagan valyuta. Bu kabi valyutalarga egalik qiluvchi davlatlar ushbu valyutalar bilan amaliyotlarni bajarishga hech qanday to‘siqlar qo‘ymaydi. Bunday valyutalarga AQSh dollari, yevro, Shveysariya franki, Britaniya funti, Yaponiya yenasi va boshqalar kiradi.
-
konvertatsiya bo‘lmaydigan valyuta - mamlakat hukumati tomonidan valyutalarni sotish va sotib olishga yoki boshqa operatsiyalarni amalga oshirishga cheklovlar o‘rnatilgan bo‘ladi. Bu Shimoliy Koreya voni va Kuba pesolaridir. Bunday pullar muomalasiga faqat mamlakat ichida ruxsat etiladi.
-
Qisman konvertatsiya bo‘ladigan valyuta – bular emitent mamlakatdan tashqarida muomalasi cheklangan milliy banknotalardir. Masalan, O‘zbekistonda so‘m qonuniy to‘lov vositasi hisoblanadi. Mamlakat tashqarisida esa so‘mni ayirboshlash bo‘yicha cheklovlar mavjud bo‘lib, faqat ayrim xorijiy valyutalarga ayirboshlanishi mumkin.
Masalan, bir kishi Malayziyaga safar qilmoqchi va uning Malayziya ringitiga almashtirmoqchi bo‘lgan ma'lum miqdordagi o‘zbek so‘mi bor, lekin Malayziyaning valyutasi kamyob valyuta bo‘lib, uni banklarda sotib olish imkoniyati yo‘q. Buning uchun o‘zbek so‘mini, masalan, AQSh dollariga almashtirish kerak. Malayziyaga kelgach, erkin almashtiriladigan valyuta bo‘lgan dollarlarni Malayziya ringitiga bemalol almashtirish mumkin. Bu holat qisman konvertatsiya qilinadigan valyutalarni ayirboshlashga misol bo‘la oladi.
Valyuta kotirovkasi nima?
Kotirovka - bu xorijiy valyutaning milliy valyutadagi narxi. Bir valyuta birligining boshqasiga nisbatan kursi bevosita aniqlanmagan taqdirda, talab va taklifga muvofiq birjada kotirovka kross-kurs orqali aniqlanadi.
Kross-kurs nima?
Kross-kurs – bu ikki valyuta qiymatining o‘zaro nisbati bo‘lib, ularning uchinchi valyutaga nisbatan kurslari orqali aniqlanadi.
Amalda, kross-kursni hisoblash quyidagicha bo‘ladi. Faraz qilaylik, Xorvatiya kunasining o‘zbek so‘miga nisbatan kursini bilmoqchimiz. O‘zbekiston banki kuna qiymatini belgilamaydi, shuning uchun siz kross-kursdan foydalanishingiz kerak. Xorvatiya milliy banki kunaning dollarga nisbatan kursini (USD/HRK), O‘zbekiston banki esa o‘z navbatida so‘mning dollarga nisbatan kursini (USD/UZS) o‘rnatadi. Ushbu kurslarni bir biriga (USD/UZS ni USD/HRK) bo‘lish orqali, kunaning so‘mga nisbatan kursini aniqlash mumkin. Masalan, 18.03.2020 yil holatiga dollarning so‘mga nisbatan kursi 9520.34 so‘m (1 AQSh dollari – 9520.34 so‘m) hamda dollarning kunaga nisbatan kursi 6.97 (1 AQSh dollari - 6.97 kuna) bo‘lgan. Shu kuni kunaning sumga nisbatan qiymati quyidagicha bo‘lgan:
(9520,34 USD/UZS) / (6,97 USD/HRK) = 1365,90 HRK/UZS
Bretton-Vuds tizimidan oldin (valyutalar kurslarini AQSh dollariga bog‘lash), “Oltin standart” tizimidan foydalanilgan (davlatlar tomonidan milliy valyutalarni rasmiy ravishda oltinga bog‘lashga asoslangan xalqaro valyuta tizimi bo‘lib, bunda Markaziy banklar milliy valyutalarni oltinga ayirboshlash orqali sotib olish va sotish majburiyatini olgan), tarixda ikki marotaba amal qilgan (1880-1914 va 1925-1931 gacha).
1971-1978 yillarda Bretton-Vuds tizimi o‘rnini erkin valyuta savdosiga (erkin valyutalar konvertatsiyasi) asoslangan Yamayka valyuta tizimi egalladi.
Valyuta kodi – bu dunyodagi valyutalar uchun umumiy qabul qilingan belgi bo‘lib, u uchta harfdan iborat bo‘ladi. Bu valyutalarni matnlar va elektron tabloidlarda qisqa va aniq aks ettirishni osonlashtiradi.
Dunyodagi eng qimmat valyuta:
Quveyt dinari
Valyuta kodi - KWD
Quvayt - katta boylikka ega bo‘lgan kichik mamlakat. Valyutasining yuqori qiymati neft mahsulotlarining jahon bozoriga sezilarli darajada eksport qilinishi bilan izohlanadi.
Dunyoda eng ko‘p ishlatiladigan valyuta:
AQSh dollari
Valyuta kodi – USD
Amerikaning jahon bozorida yetakchiligi tufayli uning valyutasi "jahon zaxira valyutasi" unvoniga erishdi. Boshqa so‘z bilan aytganda, dunyoning istalgan burchagida AQSh dollarini ishlatsangiz bo‘ladi va uni qabul qilishadi.
Dunyodagi eng qadimgi va hali ham ishlatiladigan valyuta:
Funt sterling
Valyuta kodi – GBP
Valyutalar