Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi Batafsil

Xalq banki ipoteka kreditlari uchun 500 milliard so‘m ajratmoqchi

24.02.2021

Farovonlik haqida har kimning o‘z tushunchasi bor. Bu boradagi tasavvurlarimiz ham turlicha bo‘lishi mumkin. Lekin bu so‘zning mohiyatini xalqimiz pul, molu davlat bilan qiyoslashga odatlanmagan. Chunki chinakam baxtu saodatni topilgan mablag‘ yoki uning salmog‘ida emas, balki barakasida, deb bilamiz. Fayzu barakaning oshyoni esa — osoyishta qo‘rg‘on. Boshqacha aytganda, har kimning o‘z boshpanasi, “vatan” deb bilguvchi xonadonidir.

Hozir qirqta cho‘pni birlashtirib, guvaladan amal-taqal kulba tiklab, yashash zamoni emas. Chunki XXI asrda inson bolasi baxtli hayot kechirishga haqli. Shunday ekan, har bir oila davr talabiga mos ko‘rkam imorat tiklashni yoki shahar joyda yashovchilar ko‘p qavatli uylardan shinam xonadonlar sotib olishni istaydi. Ammo, taassufki, imkoniyatlar teng emas. Ayniqsa, hozirgi globallashuv davrida uy-joylarga talabu ehtiyoj oshgani sayin ularning narx-navosi ham ko‘tarilib boryapti. Shu sababli, rivojlangan davlatlarda ko‘pdan beri qo‘llaniladigan amaliyot endi bizda ham tobora keng ommalashyapti. Bu — ipoteka kreditlari.

Prezidentimizning 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni — ayni shu tizimni tartibga solib turgan navbatdagi muhim hujjatlardan biri. Unga  muvofiq, bozor tamoyillariga asoslangan ipoteka kreditlari orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi joriy qilindi.

Xo‘sh, yangi tartibning afzalliklari nimada? Unga ko‘ra, ayrim shaxslarga, shu jumladan kam ta’minlangan va uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun davlat budjeti mablag‘lari hisobidan subsidiyalar to‘lash belgilangan.

Qolaversa, davlatimiz rahbarining 2020 yil 1 maydagi  “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ham amalda. Ana shu har ikki hujjat ijrosi doirasida Xalq banki tomonidan 2021 yilda 250 mlrd. so‘mlikdan ziyod ipoteka kreditlari ajratish rejalashtirilgan. Vaholanki, o‘tgan yili bu boradagi ko‘rsatkich 132 mlrd. so‘mga teng edi. Demak, bu yilgi marra qariyb ikki barobar yuksak.

Biz yuqorida faqat ikki hujjat ijrosi xususidagina to‘xtaldik. Umuman olganda, bu yil Xalq banki tomonidan aholining uy-joyga bo‘lgan ehtiyojini qondirish maqsadida ajratish rejalashtirilgan kreditlar jami miqdori 500 mlrd. so‘mni tashkil etadi.

Yana bir muhim ma’lumot: “O‘zbekiston ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi” aksiyadorlik jamiyati bilan hamkorlikda joriy yil uchun ikkilamchi bozorga ham ipoteka kreditlari ajratilishi mumkin. Shu maqsadda 100 mlrd. so‘m miqdorida resurs mablag‘lari olish ko‘zda tutilgan. Ushbu ezgu maqsadlar amalga oshsa, Xalq banki mijozlari uchun yanada keng imkoniyat yaratiladi.

 

Bank Axborot xizmati

Xalq Banki Xalq banki – O‘zbekistonning  birinchi banki bo'lib, moliya bozorida 1875-yil 10-maydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bankning 300 ga yaqin xizmat ko'rsatish shoxobchalari, 3000 dan ortiq bankomatlari mavjud bo'lib, ular geografik qamrovi bo'yicha mamlakat moliya bozorida yetakchi hisoblanadi. Moliya muassasasi O'zbekiston bo'ylab 10 millionga yaqin bank xizmatlari iste'molchilariga xizmat ko'rsatadi.
Manba: Xalq banki
O'xshash yangiliklar
Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

25.10.2024

Kapitalbank Uzcard versiyasiga ko'ra korporativ biznesni rivojlantirish bo'yicha yetakchiga aylandi

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

24.10.2024

Plum Tech UZCARD EXPO 2024 da: moliyaviy imkoniyatlarni o‘zgartiruvchi texnologiyalar

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi

24.10.2024

ATTO EXPO 2024 UZCARDda: Transport kartalaridan foydalanish bo‘yicha yechimlarni namoyishi



Orphus tizimi