JET: O'zbekistonda eng manfaatli kredit kartasini qaysi bank taklif qiladi? Batafsil

Xalq banki xotin-qizlarning yaqin ko‘makchisiga aylanadi

01.03.2021

Odatda, ayolning jamiyatdagi o‘rni va vazifalarini faqat oila hamda farzandlar tarbiyasi bilan bog‘laymiz. Ammo hozirgi globallashuv sharoitida bunday yondashuv noto‘g‘ri ekanligini tushunib yetdik. Nega? Chunki “oila gultoji” deya ta’riflanadigan opa-singillarimiz ayni vaqtda jamiyatning barcha bo‘g‘inlarida samarali mehnat qilib, yuksak natijalarni qo‘lga kirityapti. Barchaga ibrat namunasi bo‘lmoqda. Ayolning jamiyatda o‘z o‘rnini egallashi esa hayotdan baxtu saodat topishini anglatadi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan so‘nggi yillarda biz, xotin-qizlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, salomatligini mustahkamlash va eng muhimi, munosib turmush sharoitini yaratishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Binobarin, ayollar tadbirkorligini rivojlantirish bo‘yicha olib borilayotgan izchil sa’y-harakatlar ham opa-singillarimizning nafaqat ijtimoiy faolligi, balki turmushi farovonligiga imkon yaratayotir.

Bugungi kunda  mamlakatimiz aholisining 17 milliondan ziyodini xotin-qizlar tashkil qilyapti. Ularning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda muammolarini bartaraf etish esa muhim vazifalardandir. Davlatimiz rahbari Oliy Majlisga yo‘llagan Murojaatnomasida shu haqda to‘xtalar ekan, Kasaba uyushmalari federasiyasi boshchiligida mutasaddi idoralar, banklar va hokimliklar tomonidan joylarda uyma-uy yurib, 6 milliondan ortiq xotin-qizlarning muammolari puxta o‘rganilgani, natijada birinchi marta joylardagi haqiqiy ahvol yuzaga chiqib, shular asosida “Ayollar daftari” shakllantirilayotgani, xotin-qizlarni qiynayotgan ko‘plab ijtimoiy-iqtisodiy muammolarga amaliy yechim topilayotganini qayd etib o‘tdi. Xususan, bu ishlarga mahallalarda yangi tashkil etilgan “Ayollar maslahat kengashlari” ham yaqindan ko‘mak berayotgani quvonarli jihat. Lekin bu hali ayollar muammolarini yechish uchun biz bajarishimiz shart va zarur bo‘lgan ishlarning boshlanishi, xolos.

Shulardan kelib chiqqan holda ayollarning biznes sohasidagi loyihalarini qo‘llab-quvvatlash hamda joylarda aniqlangan xotin-qizlar muammolarini hal etish uchun byudjetdan qo‘shimcha ravishda 1 trillion so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltiriladigan bo‘ldi. Buning uchun Xalq banki tomonidan joylarda xotin-qizlarni tadbirkorlikka o‘qitish, biznesga oid namunaviy rejalarini ishlab chiqish va kredit olishda ularga amaliy yordam ko‘rsatishning yangi tizimi joriy etildi.

Xo‘sh, mazkur tizim asosida qanday ishlarni amalga oshiramiz?

Avvalo, Savdo-sanoat palatasi, Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi, “Tadbirkor ayol” ishbilarmon ayollar hamda “Hunarmand” uyushmalari, xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari, shuningdek, boshqa nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda joylarda o‘quv-kurslari  tashkil etish orqali tadbirkorlik faoliyatini yo‘lga qo‘yish istagini bildirgan va “Ayollar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlarning biznes loyihalarini tuzishga yordam beramiz. Ayniqsa, olis va chekka hududlarda tomorqadan daromad manbai sifatidan foydalanish, ya’ni, yengil konstruksiyali issiqxonalar o‘rnatish, “Tomorqa xizmati” korxonalari va “dala do‘konlari”ni tashkil etish hamda parranda, asalari, quyon, baliq va bedana boqishni yo‘lga qo‘yishga alohida e’tibor qaratganmiz. Bu esa o‘z navbatida, opa-singillarimizning ezgu intilishlarini rag‘batlantirishga xizmat qilishi aniq.

Umuman olganda, ayollarimiz mehnatini qadrlash, iste’dod va salohiyatini ro‘yobga chiqarish maqsadida bankimiz tomonidan 60 dan ziyod biznes loyihalarini ishlab chiqqanmiz va mazkur biznes loyihalar doirasida tadbirkorlikning barcha yo‘nalishlarida bazaviy hisoblashning 150 baravarigacha bo‘lgan miqdorda kreditlar ajratishni rejalashtirganmiz.

Bilasiz, olis va chekka hududlarda yashaydigan ayollarimizning aksariyati zamonaviy xizmatlardan foydalanish uchun qishloqdan shaharga qatnaydi.  Biz taqdim etayotgan loyihalar esa tadbirkor, mehnatsevar, fidoyi va qo‘li gul opa-singillarimizning shaharga borishi uchun imkon qoldirmaydi. Qanday qilib dersiz? Buning yechimi oddiy: biz shaharda ko‘rsatiladigan zamonaviy xizmat turlarini qishloq va tumanlardagi xotin-qizlarning biznes loyihalarini qo‘llab-quvvatlash orqali amaliyotga  tatbiq etamiz. Natijada mehnat bilan band bo‘lmagan 70 ming nafar opa-singillarimiz doimiy ish o‘rni bilan ta’minlanadi.

Hozir Xalq bankining barcha hududiy, tuman va shahar filiallarida rahbarning ayollar tadbirkorligini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosarlari shtatlari joriy etilib, bu lavozimlarga munosib nomzodlar tayinlamoqda. Ular kelgusida joylardagi ishbilarmon xotin-qizlarning eng yaqin ko‘makchisi, ishonchli maslakdoshiga aylanadi.

Gulzoda RASHIDOVA,

Aksiyadorlik tijorat Xalq banki Boshqaruvi Raisining

xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha o‘rinbosari.

Xalq Banki Xalq banki – O‘zbekistonning  birinchi banki bo'lib, moliya bozorida 1875-yil 10-maydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bankning 300 ga yaqin xizmat ko'rsatish shoxobchalari, 3000 dan ortiq bankomatlari mavjud bo'lib, ular geografik qamrovi bo'yicha mamlakat moliya bozorida yetakchi hisoblanadi. Moliya muassasasi O'zbekiston bo'ylab 10 millionga yaqin bank xizmatlari iste'molchilariga xizmat ko'rsatadi.
Manba: Xalq banki
O'xshash yangiliklar
Davr Bankda ishlashni xohlaysizmi? Biz buni yengillashtirdik!

12.12.2024

Davr Bankda ishlashni xohlaysizmi? Biz buni yengillashtirdik!

Davr Bank'dan 100 mln so'mgacha online mikroqarz

12.12.2024

Davr Bank'dan 100 mln so'mgacha online mikroqarz

Hamkorlikka taklif qilamiz!

12.12.2024

Hamkorlikka taklif qilamiz!



Orphus tizimi