JET: Kartadan kartaga 200 million so'mni komissiyasiz o'tkazish mumkinmi? Batafsil

Xalq bankida xodimlarni ishga qabul qilishning yangi tizimi amalda!

12.07.2021

Xorijiy tajriba

Bu galgi suhbatdoshimiz — Aynel Mukajanova! Inson resurslarini boshqarish sohasida tajribali ekspert. Qozog‘istonlik bu mutaxassis 2020 yil oktyabr oyidan buyon aksiyadorlik tijorat Xalq banki jamoasi safida mehnat qilmoqda. Moliya muassasasidagi keng ko‘lamli transformasiyalash jarayonida uning ham munosib hissasi bor. Xususan, inson resurslarini boshqarish yo‘nalishida bir necha ilg‘or usullarni amaliyotga tatbiq etmoqda.

—  Qozog‘istonning Karaganda shahrida tug‘ilganman, — deydi Aynel Mukajanova. — Mutaxassisligim bo‘yicha moliyachiman. Bank sohasida 13 yildan buyon ishlayman. Faoliyatimning asosiy qismi, ya’ni 9 yildan ortig‘i HR yo‘nalishi bilan bog‘liq. O‘tgan vaqt mobaynida inson resurslari (HR), bank operasion faoliyati bo‘yicha mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda operasion risk yo‘nalishlarida tajriba orttirdim.

— HR, moliya, mijozlar... Bu yo‘nalishlar o‘rtasida qanday bog‘liqlik bor?

—  Inson resurslari bilan ishlaydigan xodim, albatta, biznes bilan hamqadam bo‘lishi shart. Ayniqsa, bank tizimida moliyaviy bilim juda zarur. Bankning qanday “nafas” olayotganidan yaxshi xabardor bo‘lmay turib, xodimlarning mehnat samaradorligini xolis baholash va shu orqali ularni adolatli mukofotlash imkonsiz. Nazarimda, HR, moliya va mijozlar o‘rtasidagi bog‘liqlik mana shunda bo‘lsa kerak.

— Kasbingizning qaysi jihatlarini ko‘proq yaxshi ko‘rasiz?

—  Men odamlar bilan ishlashni yaxshi ko‘raman. Qolaversa, iste’dodlilarga imkoniyat yaratib berish ham zavqli jarayon. HR yo‘nalishi — ko‘p qirrali faoliyat. Ammo uning asosiy vazifasi kompaniya uchun zarur kadrlarni topish, xodimlarning rivojlanishiga ko‘maklashish va ular ishidan kutilgan samarani olishdan iborat. Xodimning mehnatga bo‘lgan yuksak ishtiyoqi — muvaffaqiyatning asosiy omili. Munosib rag‘bat esa ko‘zlangan marra sari ilhomlantiruvchi kuch.

— Transformasiya jarayonida bevosita ishtirok etayotgan xorijlik ekspert sifatida Xalq bankining bugungi faoliyatiga qanday baho berasiz?

—  Kechagi Xalq banki bilan bugungi Xalq banki o‘rtasida yer bilan osmoncha farq bor. O‘zgarishlar, yangilanishlar katta. Buni mijozlar ham e’tirof etishmoqda. Hozir bu yerda xodimlarning o‘z-o‘zini rivojlantirishi uchun zamonaviy sharoit hamda sog‘lom ijodiy muhit yaratilyapti. Buning uchun “PricewaterhouseCoopers” nomli konsalting kompaniyasi bilan hamkorlikda ish olib boryapmiz.

Bundan tashqari, hozir kadrlarni ishga qabul qilish jarayonida shaffoflikni ta’minlashga intilyapmiz. Shu maqsadda Xalq banki saytida bo‘sh ish o‘rinlari uchun e’lonlar joylashtirib borilyapti. Ushbu vakansiyalar uchun istalgan mutaxassis, shu jumladan, bank xodimlari ham o‘z nomzodini ko‘rsatishi va hujjatlarini topshirishi mumkin. Rezyumelar sayt orqali olingach, skrining qilinadi va bir necha nomzod tanlab olinib, ular bilan suhbat o‘tkaziladi.

— Inson resurslari departamenti faoliyatida nimalarga alohida e’tibor qaratilyapti?

—  Hozir ishimizni 5 yo‘nalish bo‘yicha tashkil etganmiz. Shulardan biri — kadrlarni saralash va moslashtiruv jarayoni. Ikkinchi yo‘nalish o‘qitish va rivojlantirish jarayonini qamrab oladi. Mehnatga haq to‘lash, mukofotlash va samaradorlikni boshqarish — bu uchinchi yo‘nalish. Hozir ayni yo‘nalish doirasida “KPI” va “MBO” dasturlarini amalga oshirishni ham rejalashtiryapmiz. To‘rtinchisi esa korporativ madaniyatni rivojlantirish elementlarini o‘zida mujassamlashtirgan ichki kommunikasiya yo‘nalishidir. Beshinchi yo‘nalish iste’dodli kadrlarni saralash, ularni rahbarlik lavozimlariga tayyorlash, rivojlanishiga yordam beradigan mukammal yondashuvni ishlab chiqishdan iborat.

— Bu sohada qanday yutuq va kamchiliklar bor, deb o‘ylaysiz?

—  Yaqinda xodimlarning mehnatga bo‘lgan ishtiyoqini baholash bo‘yicha so‘rovnoma o‘tkazdik. Natija 78 foiz bo‘ldi. Bu aslida juda yuqori ko‘rsatkich. Shulardan xulosa qilib aytishim mumkinki, Xalq bankida ishlashga ishtiyoqi bor xodimlar jamoasi shakllangan. Rahbariyat tomonidan xodimlar mehnati munosib rag‘batlantirilayotgani ham bunda asosiy omil bo‘lmoqda. Bizning kuchli tomonlarimizdan biri — shu. Binobarin, Xalq bankini transformasiya qilishga katta kuch va mablag‘ yo‘naltirilmoqda.

— HR-mutaxassis — rahbariyat, xodimlar va mehnat bozori o‘rtasidagi munosabatlarni uyg‘unlashtiruvchi xodim. Sizning-cha, malakali nomzodlarni topish uchun qaysi jihatlarni alohida hisobga olish zarur?

—  Kuzatuvlarimdan kelib chiqib aytay: ishga kirish uchun topshiriladigan rezyumening standart  shaklida faqat o‘sha kadrning o‘zi, ish tajribasi va qarindoshlari haqidagi ma’lumotlar aks ettiriladi xolos. Ya’ni biz shu ikki varaq qog‘ozdan o‘sha xodim qanday vazifalarda ishlagani haqida xabar topamiz. Ammo u qanday ishlarni bajargani, nima yangiliklarni amalga oshirgani, qaysi istiqbolli loyiharni ro‘yobga chiqargani qorong‘uligicha qoladi. Fikrimcha, xodimni faqat oliy ma’lumoti yoki lavozimiga ko‘ra yaxshi kadr, deb hisoblab bo‘lmaydi. HR-menejer ana shunday holatlarda nomzodning imkoniyat va qobiliyatlarini “kashf” etadi. Tashkilot uchun kerakli kadr yo‘qligini o‘rganadi. Qolaversa, xodim o‘z sohasi va yo‘nalishi bo‘yicha yetarli bilim hamda malakaga ega bo‘lishdan tashqari, jamoa bo‘lib ishlay olishi ham muhim. Shundagina katta natijalarga erishish imkoniyati paydo bo‘ladi. Bank esa murakkab soha. Tizimda ishlovchilar yuqoridagi mezonlarga mos kelishi barobarida, ma’lumot, raqamlarni tahlil qila olish qobiliyati sohibi ham bo‘lishi kerak. Bu borada xodimning kirishuvchanligi, muloqot qila olishi hamda o‘z fikrini yetkazib bera olish salohiyati alohida qadrlanadi. Qolaversa, uning ishga mas’uliyat bilan yondashishi — e’tiborli jihat. Ayrim odamlar stressga chidamsiz bo‘ladi. Nomzodlar bilan suhbat davomida HR-mutaxassis ularga turli vaziyatlardan misollar keltirib, murakkab holatlarda qanday yo‘l tutishi bilan qiziqadi. Bu ham nomzodning lavozimga munosib yoki munosib emasligini o‘rganish uchun samarali usuldir.

— Xalq bankida yangi ishga qabul qilinadigan xodimlarni moslashtirish jarayoni qanday kechmoqda?

—  Bu yo‘nalishda ham samarali usullardan foydalanyapmiz. Yangi xodimlar jamoaga moslashib ketishi uchun ularni yangi ish joyi, hamkasblari bilan tanishtiramiz, “Welcome training” tadbirlarini o‘tkazamiz. Shuningdek, “Bankirlar trening maktabi”da lavozimidan kelib chiqqan holda 1-3 ish kuni mobaynida standartlar bo‘yicha o‘qitiladi. “Front-ofis” xodimi bo‘lsa, mahsulotlar bo‘yicha treninglar olib boriladi. Bundan tashqari, xodim bilan dastlabki uch oylik sinov muddati davomida har oy oralig‘ida suhbat o‘tkazamiz.

— O‘z faoliyat yo‘nalishingiz bo‘yicha yaqin besh yilda Xalq bankini qanday tasavvur qilasiz?

—  Xalq banki kelajagi muvaffaqiyatlarga boy bo‘ladi, deb o‘ylayman. Chunki buning uchun bizda ajoyib jamoa, yangi loyihalar bor. Yaqin besh yilda moliya muassasasi xalqaro tajribalarni qo‘llagan holda yangilanadi, xodimlarga mehnat qilish uchun yanada qulay sharoit yaratiladi. Hozir buning uchun barcha imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Umida UMIRZOQOVA suhbatlashdi.

Xalq Banki Xalq banki – O‘zbekistonning  birinchi banki bo'lib, moliya bozorida 1875-yil 10-maydan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Bankning 300 ga yaqin xizmat ko'rsatish shoxobchalari, 3000 dan ortiq bankomatlari mavjud bo'lib, ular geografik qamrovi bo'yicha mamlakat moliya bozorida yetakchi hisoblanadi. Moliya muassasasi O'zbekiston bo'ylab 10 millionga yaqin bank xizmatlari iste'molchilariga xizmat ko'rsatadi.
Manba: Xalq banki
O'xshash yangiliklar
“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

04.07.2024

“Fitch Ratings” xalqaro reyting agentligi “Kapitalbank”ga “Barqaror” prognoz bilan “B” darajadagi reytingini berdi

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

02.07.2024

“S&P Global Ratings” xalqaro agentligi "Kapitalbank" reytingini “B”dan “B+”ga ko‘tardi.

Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi
Uzum Bank Markswebb versiyasi bo‘yicha banklar va to‘lov servislari ilovalari orasida birinchi o‘rinni egalladi



Orphus tizimi